Surxondaryodagi eng faol brokerlar
Surxondaryo viloyatidagi tashkilot va korxonalar 2019-yilni salmoqli natijalar bilan yakunlamoqda.
Surxondaryo viloyatidagi tashkilot va korxonalar 2019-yilni salmoqli natijalar bilan yakunlamoqda. Yil natijalariga koʻra, erishilayotgan yutuqlar alohida eʼtirof etilib, munosib ragʻbatlantirilayotir.
“Oʻzbekiston Respublikasi Tovar xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati Surxondaryo filiali jamoasi ham yakunlanayotgan yilda samarali mehnat qilib, yaxshi koʻrsatkichlarni qoʻlga kiritdi. 621 milliard 300 million soʻmlik davlat xaridlari, birja, yarmarka va korparativ xaridlar savdosini amalga oshirdi. Bu yutuqda viloyatda faoliyat yuritayotgan 20 ta savdo maydonchasi va 63 brokerlik idorasining alohida xizmati bor.
Tovar xom ashyo birjasi tashkil etgan tanlov yakunlariga koʻra, viloyatda ana shunday yuqori koʻrsatkichlarga erishgan Denov tumanidagi “Qurbonniyoz” xususiy firmasiga qarashli 10825- savdo maydonchasi “Yilning eng faol savdo maydonchasi”, shu tumandagi “Xayrabod STS” savdo ishlab chiqarish korxonasining 11712 brokerlik idorasi “Yilning eng faol xaridor brokeri” hamda Shoʻrchi tumanidagi “Ali Baxta” xususiy firmasiga qarashli 11982- brokerlik idorasi “Yilning eng faol sotuvchi brokeri” nominatsiyalarida gʻolib boʻldi.
Yangi yil arafasida “Oʻzbekiston Respublikasi Tovar xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati Surxondaryo filialida gʻoliblar munosib ragʻbatlantirilib, ularga gʻoliblik statuyetkasi va sovgʻalar tantanali topshirildi.
–Bu eʼtibor va etirof Yangi yilda yanada koʻproq izlanib samarali mehnat qilishga undaydi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Tovar xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati Surxondaryo filiali rahbari I.Yarmatov.– Savdo maydonchalari va brokerlik idorlari xodimlarining oʻz kasbiga qiziqish va intilishini yanada kuchaytiradi. Mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanishda muhim ahamiyat kasb etadi.