Surxondaryoda paxta yig‘im-terimi boshlandi
Joriy yil hosili uchun viloyatda 1 ming 940 dan ortiq fermer xo‘jaligi 62 ming 850 gektar maydonda g‘o‘zaning mahalliy iqlimga mos, erta pishar va serhosil navlarini parvarishlab, mo‘l hosil to‘pladi.
Paxtachilikda boy tajribaga ega vohada hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib olish uchun puxta hozirlik ko‘rilib, terimchilarga qulay sharoit yaratildi. 1 ming 277 ta terim otryadi tashkil etilib, xomashyoni qabul shoxobchalariga peshma-pesh yetkazib berish uchun 1 ming 10 ta tashish traktori, 1 ming 965 ta tirkama biriktirildi. Mavsumni tez, sifatli yakunlash uchun xorijning zamonaviy 60 ta paxta terish mashinasi xarid qilindi.
Termiz tumanida 73 ta fermer xo‘jaligi dalasida paxta yetishtirilmoqda. “”Qoraxon paxtakori” fermer xo‘jaligi erta bahorda 21 gektar maydonga “Sulton” navli chigit urug‘ini qadab, bir tekis undirib oldi. Nihollar sinalgan agrotexnik usulda parvarishlanib, mo‘l hosil yetishtirdi.
[gallery-24972]
–Paxta nozik o‘simlik,–deydi fermer xo‘jaligi rahbari Bobomurod Rajabov.– U dehqondan parvarish talab qiladi. O‘z vaqtida sug‘orilib, oziqlantirilsa, boshqa agrotexik tadbirlar sifatli bajarilsa, mo‘l hosil beradi. Bu yil ob-havoning nisbatan issiq kelgani yoz chillasida hosilni saqlab qolish uchun omilkorlik bilan ish tutishni talab etdi. Bu yumushni sifatli bajargan dehqonlarimiz hosilni to‘laligicha saqlab qoldi. Hozir 95-96 foiz ko‘sak ochilgan. Gektaridan 54 sentnerdan sifatli xomashyo yig‘ib olishni mo‘ljallayapmiz.
Bu yil Termiz tumanida 1 ming 700 gektar, Angor tumanida 4 ming 450 gektar, Muzrabot tumanida 7 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanib, salmoqli hosil to‘plandi.
Tuprog‘i unumdor, iqlimi paxta yetishtirish uchun qulay vohada yig‘im-terim boshlangan ilk kunda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz, Angor va Muzrabot tumanlaridagi paxta dalalarida bo‘ldi. Terim jarayoni va paxta maydonlarida terimchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Terimchilar bilan suhbatlashib, sovg‘alar topshirdi. Mutasaddilarga mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish, dalaning o‘zida issiq ovqat, toza ichimlik suvi, dam olish uchun zarur sharoit yaratish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab berdi.
Mutaxassislarning aytishicha, mavsumning ikkinchi terimi yangi paxta terish mashinalari yordamida yig‘ishtirib olinadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri