Surxondaryoda ovoz berish boshlandi
Mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lganidek, Surxondaryo viloyatida ham soat 8:00 dan ovoz berish ishlari boshlandi.
- Viloyatimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga o‘tkaziladigan saylovlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi, – deydi Surxondaryo viloyati saylov komissiyasining raisi Zebuniso Alimardonova. – Surxondaryo viloyatida 1 million 442 ming 512 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, bugun ular o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarmoqda. Ro‘yxatga olinganlarning 33 ming 867 nafarini saylovda ilk marotaba qatnashadigan yoshlarni tashkil etadi.
Yangi Saylov kodeksida asosida tashkil etilayotgan saylovlarda surxondaryoliklar ham o‘zlarining faolligini ko‘rsatmoqda. Termiz shahridagi Yoshlar markazida joylashgan 260-saylov uchastkasi ham erta tongdan boshlab saylovchilar bilan gavjum bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Uchastka saylov komissiyasi raisi O‘. Mirzaqulova ovoz berish boshlanganligini e’lon qildi.
“Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘inidagi mazkur uchastkada 2 ming 880 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan. Saylov uchastkasida saylovlarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, saylov uchastkalari belgilangan talablar asosida jihozlandi. Ovoz beruvchilar uchun barcha sharoit va qulayliklar mavjud.
[gallery-20007]
Siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari, vakolatli vakillari, jurnalistlar uchun alohida joy ajratilgan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA