Surxondaryoda ham yo‘llar ravon bo‘ladimi?
Bugun, xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunining viloyatdagi ijrosi ko‘rib chiqildi.
Videoselektor shaklida o‘tkazilgan sessiyada markaziy studiyada Oliy Majlis Senatiga viloyatdan saylangan senatorlar, xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, viloyat hokimining masalalarga aloqador mutasaddilari, viloyat korxona va tashkilotlari, tijorat banklari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, ommaviy-axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

Tuman va shahar studiyalarida hududdan saylangan deputatlar, sektorlar rahbarlari, tuman va shahar hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari va mas’ul xodimlari qatnashdi.
Sessiyada kun tartibidagi masala yuzasidan “Surxondaryoavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish tashkiloti direktori J.Qilichevning axboroti tinglanib, muhokama etildi.
Ta’kidlandiki, vohada O‘zbekiston Respublikasi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyatda 16 ming 170 kilometrdan ortiq umumfoydalanuvdagi yo‘l mavjud. So‘nggi yillarda olib borilgan o‘rgannishlarga ko‘ra, mavjud yo‘llarning 2 ming 833 kilometri yoki 33 foizi yaroqsiz holga kelib qolgani aniqlangan. Dasturga muvofiq joriy yilda uning 289,5 kilometri yoki 8,8 foizini ta’mirlash rejalashtirilib, 254 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

O‘tgan yili pandemiya sharoitida 200 kilometr ichki yo‘l ta’mirlangan bo‘lsa, joriy yilda 1 ming 643 kilometr ichki yo‘lda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shundan 440 kilometriga asfalt yotqizilmoqda.
–Bu yil manzilli dastur va dasturdan tashqari viloyatda mavjud 771 ta mahallaning 580 tasida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda,–dedi “Surxondaryoavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish tashkiloti direktori J.Qilichev.–Vohada yo‘llarning holati to‘liq o‘rganib chiqilgan. Belgilab olgan rejamizga ko‘ra keyingi to‘rt yilda hududda bironta tuproq ko‘cha qolmaydi. Masalan, o‘tayotgan yilning o‘zida 645 kilometr ichki yo‘llarga hashar usulida tosh yotqizish belgilangan. Hozirgacha 486 kilometr tuproq yo‘l toshlandi.

Sessiyada deputatlar, jurnalist va blogerlar yo‘llarni ta’mirlash ishlari sust kechayotgani, ayrim yo‘llarda ish boshlangach, yil oxirigacha ham yakunlanmay qolayotgani haqida atroflicha fikr yuritdi. Masalan, Termiz shahridagi Ibn Sino ko‘chasida boshlangan ta’mirlash ishlari ikki yarim yildan buyon tugamayotgani o‘rtaga tashlandi. Bir ko‘chada ish boshlangach, uni yakunlamay boshqa ko‘chada ta’mirlash ishlari olib borilayotganiga jiddiy e’tirozlar bildirildi.
Manzilli dasturga kiritilgan yo‘llarning belgilangan muddatlarda ishga tushirilmay qolayotgani bilan qiziqdi. Davlat dasturlari asosida yo‘l qurilish ishlari olib borilayotgan ichki xo‘jalik yo‘llarini qurish va ta’mirlash jarayonlarida deputatlik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun yo‘l ishlarini foydalanishga topshirishda mahalliy kengashlar deputatlari ishtirokini ta’minlash taklifi ilgari surildi.
Qizg‘in baxs-munozaralarga boy bo‘lgan sessiyada shuningdek, Termiz shahri va tumanlarda jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O‘.Ochilovning hisoboti ham eshitildi. Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid boshqa qator masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sessiyada Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,O‘zA