Surxondaryo turistik makonga aylanmoqda (+ video)
Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasini diqqat bilan tingladik. 2023 yilda barcha sohalar qatori turizmga ham katta e’tibor berilishi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Surxondaryo viloyatida turizm salohiyati yuqori bo‘lgan bilan bu sohaga e’tibor kam edi. 2018 yilda vohaga 85 ming mahalliy hamda xorijlik sayyohlar tashrifini kuzatgan bo‘lsak, 2022 yilga kelib, bu ko‘rsatkich o‘n baravarga oshganini ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni, bugungacha 825 ming xorijiy hamda mahalliy sayyoh keldi. Turizm infratuzilmasida olib borilgan samarali ishlar haqida alohida to‘xtaladigan bo‘lsak, bugungi kunda mehmonxonalar soni 46 taga, xostellar soni 9 taga yetdi. 2018-2022 yillar davomida viloyatda 130 ga yaqin oilaviy mehmon uylari tashkil etildi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi, yoshlar turizmi, keksalar, ayollar turizmi kabi yo‘nalishlarda ko‘plab sayohatlar tashkil etildi. 2018 yilga qadar Surxondaryo viloyatida sayohatlarni tashkil etish uchun bironta transport vositasi yo‘q edi. So‘nggi to‘rt yil davomida zamonaviy avtobuslar, elektromobillar, suvda suzuvchi motorli qayiqlar turoperatorlar yoki tadbirkorlar tomonidan olib kelindi.
2018 yilga qadar viloyatda uchta turoperator faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda 40 turoperator faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Sohaga berilayotgan imtiyozlar va afzalliklar tufayli qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarning yo‘lga qo‘yilishi, vizasiz rejim yoki yengillashtirilgan viza tartiblarining joriy etilishi natijasida qo‘shni Tojikistondan yoki qo‘shni Afg‘oniston davlatidan sayyohlar oqimi ko‘payganini kuzatish mumkin. Vohaning o‘ziga xos turizm yo‘nalishlari buddizm, spela, ekoturizm yoki tibbiyot turizmi yo‘nalishlarida ham samarali ishlar tashkil etilgani natijasida Yevropa yoki Sharqiy Osiyo davlatlaridan sayyohlar oqimining sezilarli darajada ko‘payganini ko‘rishimiz mumkin. 2021-2022 yillar davomida turizm obektlari hisoblangan ko‘plab madaniy meros obektlarida tiklash-ta’mirlash ishlari olib borildi. Yo‘llar ta’mirlandi. Standart talablariga javob beradigan yo‘l ko‘rsatkich belgilari o‘rnatildi. Asosiy turizm oqimining ko‘payishiga xizmat qilgan yana bir omillardan biri – viloyatda o‘tkazilgan katta-katta tadbirlardir. Bu 2019 yilda birinchi marta o‘tkazilgan baxshichilik xalqaro festivali, “Boysun bahori” an’anaviy festivali bu yildan boshlab xalqaro darajada o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Kurash xalqaro musobaqasi, arxeologiya turizm forumlari yoki biznes forumlarni misol keltirishimiz mumkin. Shu kabi tadbirlar albatta, turizm oqimining ko‘payishiga xizmat qildi. Ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida Vaqf xayriya jamoat fondiga qarashli 70 ta ziyoratgoh bo‘ylab sayohatlar tashkil etilishi 2023 yilda rejalashtirilgan. Vohamizning Boysun tumanida Yunon-Baqtriya tarixi madaniyati muzeyini yo‘lga qo‘yamiz. Termiz shahrida uzoq yillar Surxondaryo viloyatida arxeologik tadqiqot olib borgan yapon olimi Kato Kyudzening memorial muzeyini bunyod etish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/23aFLvwNdeI" title="Surxondaryo turistik makonga aylanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Zebuniso Alimardonova,
Surxondaryo viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari