Surxondaryo – nomoddiy madaniy meros beshigi
Davlat ijtimoiy buyurtma loyihasi amalda
Qadimiy va hamisha navqiron Surxon vohasining boy nomoddiy madaniy merosi nafaqat mahalliy aholi balki, xorijliklarda ham katta qiziqish uyg‘otib, ularni maftun etib keladi. Mamlakatimizda o‘tmishdagi ajdodlardan meros qolgan noyob va nafis boylikni avaylab-asrash, kelgusi avlodga yetkazish va keng namoyon etishga qaratilayotgan yuksak e’tibor bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga qulay muhit, keng imkoniyat yaratdi.
“Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazi ekspertlarining Surxondaryo viloyatidagi nomoddiy madaniy merosni o‘rganish uchun tashkil etgan ekspeditsiyasi ham ana shunday ezgu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi buyurtmasiga muvofiq “O‘zbekiston nomoddiy madaniy meros elementlarini muhofaza qilish” mavzuidagi ijtimoiy buyurtma Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.
Ekspeditsiya a’zolari janubdagi vohada bo‘lib, viloyatdagi boy nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish yo‘lida samarali faoliyat yuritayotgan qo‘li gul hunarmandlar, mohir pazanda va qadimiy noyob san’atimizni keng tarannum etayotgan ijro san’ati ustalari bilan uchrashdi. Audio, video, foto va matnli ma’lumotlar tayyorladi.
“Boysun tumanining madaniy muhiti” 2021 yil YUNESKOning insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, Boysun dunyo tamadduni beshiklaridan biri, ko‘hna qadriyatlar makoni sanaladi. So‘lim va betakror bu go‘sha xalqi milliy urf-odatlar, xalq og‘zaki ijodining eng go‘zal namunalari va milliy hunarmandchilik durdonlarini asrlar davomida asrab-avaylab kelmoqda. Purviqor tog‘lar qo‘ynidagi so‘lim go‘shada o‘tkazilayotgan an’anaviy “Boysun bahori” Xalqaro festivali ham hududning nomoddiy madaniy merosiga ko‘rsatilayotgan e’tiborning amaldagi ifodasidir. O‘tgan yili esa YUNESKO mamlakatimizning qator hududlari, jumladan, Surxondaryoda keng rivojlangan baxshichilik san’atini ham insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritdi.

Loyiha mutaxassislari nomoddiy madaniy meros durdonlarini dunyoga keng tarannum etayotgan Boysun tumanida bo‘lganida qadimiy hunarmandchilikning nafis turlari, mamlakatimizda faqat Boysunda to‘qiladigan janda matosi to‘quvchilarining noyob hunari bilan yaqindan tanishdi. Alacha, gilam, so‘zana, zardevol kabi kashtalarni to‘qish sirlari bilan qiziqdi. Chanquvuz musiqa asbobi ustalari bilan suhbatlashdi.
Qo‘li gul hunarmand Xadicha Rahimberdiyeva alacha, kashta va janda matosini to‘qish sir-sinoatini momolaridan o‘rgangan. Ko‘p yillardan buyon o‘zi yoshlarga bu hunarni qunt bilan o‘rgatib kelmoqda. Ekspeditsiya a’zolari bilan suhbatda Xadicha Rahimberdiyeva Boysunning qadimiy alacha, kashta va jandasini to‘qish usullari, jilo berish sirlari haqida so‘zlab berdi. Shogirdlarining qiziqishlari xususida fikr almashildi.

– Ajdodlardan meros qolgan nomoddiy boyliklarimizga o‘tgan asrda hozirgidek e’tibor yo‘q edi, – deydi Xadicha aya. – Momolarimiz tunlari to‘qigan paytlar ham bo‘lgan. Biz ham ularning yonida o‘tirib, diqqat bilan kuzatgach, qiziqib to‘qishga harakat qilar edik. Bilmagan joylarimizni momolarimiz qunt bilan o‘rgatar edi. Shunday qilib, alacha, janda matosi to‘qishni va kashtalar tikishni o‘rganib olganmiz. Endilikda o‘zim yoshlarga o‘rgatayapman. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida nufuzli festival va tanlovlarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallayapman. Mahsulotlarimiz tabiiy ranglardan tayyorlanadi. Xorijdan kelgan sayyohlar ham qiziqib, xarid qiladi.
“Boysun hunarmandchilik markazi”da bo‘lgan ekspertlar bu yerda tayyorlanayotgan turli hunarmandchilik mahsulotlarida tog‘li tuman tabiati manzaralari, so‘lim go‘shalari aks etganiga guvoh bo‘ldi. Xurshida Xolboyeva to‘qigan gilamlar, temirchi chanqovuz ustasi Jasur Ashurov tayyorlagan nafis va noyob qadimiy musiqa asbobi, Qurbonxol Rahimberdiyevaning chizmakashlik, kashtachilik san’ati, Muborak Ro‘ziqulova, Nilufar Rasulova, Feruza Azizova, Nilufar Rasulova kabi chevarlarning janda matosi, boysuncha do‘ppilari, ip yigirish san’ati katta qiziqish uyg‘otdi.
Sherobod tumani aholisi azaldan kulolchilik buyumlari, yog‘ochga ishlov berish va hududga xos to‘quvchilik, tunikasozlik hunari bilan shug‘ullanib keladi. Ozoda va Sabohat Ibodovalar, Xursan Choriyev singari kulollar, tunikasoz usta Adham Qilichev, yog‘ochsoz Vali Abdullayev, Abilqosim Qodirov, Faxriddin Quvvatov, Shuhrat Otamurodov, Shoxida Xasanova, Gulbahor Jumayeva kabi hunarmandlar bobo va momomeros kasblarini e’zozlab kelayotgani e’tiborga sazovordir.
O‘tmishdan Surxon taraflarda pazandachilik ham san’at darajasida rivojlangan. Bu vohada tayyorlangan tandir go‘shti, “cho‘poncha” va boshqa qator taomlarning o‘ziga xos tarixi hamda tayyorlanish uslublari bor. Ekspertlar guruhi Sho‘rchi tumanida mohir oshpaz Boboyor Jo‘rayev tayyorlagan “cho‘poncha” taomi, Ravshan Hayitov, Hasan Alimardonov pishirgan tandir go‘shtlarini tatib ko‘rib, ularning tayyorlanish texnologiyalari bilan tanishdi.

Surxondaryoda bo‘lgan ekspeditsiya a’zolari bu vohaning folklor etnografik san’ati va noyob musiqa asboblarini atroflicha o‘rganib, boy taassurotlar bilan qaytdi.

Boysun tumanidagi “Boysun”, Qiziriq tumanidagi “Qo‘ng‘irot”, Sho‘rchi tumanidagi “Chanqovuz”, Sariosiyo tumanidagi “Dashnabod”, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Mahliyo na’munali”, “Bobotog‘ gullari” folklor-etnografik xalq ansambllari, Oltinsoy tumanidagi “Sharshara”, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Oxuvo”, “Jarqo‘rg‘on folklor”, Sherobod tumanidagi “Chechalar” folklor ansambllarining noyob san’atiga maftun bo‘ldi. Boysunlik Bo‘riqul Jummayevning (familiyasida 2 ta m bormi?) “G‘ajir nay”, “Sibizg‘a”, “Shuvullak”, “Chanqovuz” qadimiy musiqa asboblari bilan yaqindan tanishdi.

– O‘tmishda bu musiqa asboblari bilan ajdodlarimiz nafis kuylarni ijro etgan, – deydi Bo‘riqul Jummayev. – Men ularni yasash va chalish sirlarini chuqur o‘rganib olganman. Oddiy qamishdan tayyorlanadigan “Sibizg‘a” bilan turli kuylarni ijro etish mumkin. Goho turli tadbirlarda bu asboblarda kuy chalsam, albatta unda ishtirok etayotgan xorijliklar katta qiziqish bildirib qoladi. Sovg‘a qilsam, kuy chalish sirlarini o‘rgatishni iltimos qilib so‘raydi. Ajdodlarimiz aql-zakovati bilan yaratilgan bunday nafis musiqa asboblarimiz bilan haqli ravishda faxrlanaman.
Surxondaryo viloyatida o‘ndan ortiq O‘zbekiston xalq baxshisi faoliyat yuritmoqda. Sherobod, Bandixon, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on tumanlarida ekspeditsiya a’zolari Shodmon Xo‘jamberdiyev, Abdinazar Poyonov kabi O‘zbekiston xalq baxshilari va Muhammad Eshboyev, Mahmud Choriyev, Jovli Normamatov singari chechan baxshilar bilan dildan gurung qilib, baxshilik san’ati, dostonlarning yoshlar tarbiyasi va milliy qadriyatlarimizni targ‘ib qilishdagi o‘rni, termalarning ma’naviy ahamiyati va ularni kelgusi avlodlarga yetkazish borasida olib borilayotgan ishlar haqida suhbatlashdi.
Viloyatning nomoddiy madaniy merosini har taraflama o‘rgangan mutaxassislar shuningdek, uchrashuvlar chog‘ida ular duch kelayotgan muammolarni tahlil qilib, o‘rganilgan nomoddiy madaniy meros elementlari bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar to‘plagani tahsinga sazovordir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA