Suratlarda aks etgan hayot (+video)
Fotografiya – insoniyat yaratgan buyuk kashfiyotlardan biri. Bir soniyadan keyin yuz beradigan hodisaning oldini olib bo‘lmaydigan kadrlarni hamma ham olavermaydi. Buning uchun professional fotograf bo‘lish shart emas, shunchaki, zarur daqiqalarni kadrlarga muhrlay olish kerak.
Fotograflar hayotning oddiy bir lahzasini emas, tarixga muhrlanadigan soniyalarning aks etayotganini his etib, insonni emas uning qalbini, tabiatning go‘zal manzarasini emas, tiriklikning bir bo‘lagini, jamiyatning bir kunini emas, uning yutuq va muammolarini ko‘rsatishga harakat qiladi. Olamni faqat fotokamera nigohi bilan ko‘radi.
Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, respublika va qator xorijiy ko‘rgazmalar g‘olibi, fotograf Husniddin Ato va uning shogirdlarining "Bir maktab – turfa nigoh" nomli ko‘rgazmasi ochildi. Unda turli mavzulardagi fotosuratlar joy oldi.
"Ustoz-Shogird" an’anasiga asoslangan ushbu ko‘rgazmada eshitish imkoniyati cheklangan fotosuratchilar— Murod Yusuf, Gulnoza Adham hamda
Mariya Malinovskayalarning ham turli yo‘nalishdagi sara foto asarlari joy olgan.
Fotosuratchi Murodbek Yusupov bilan suhbatlasharkanmiz, uning eng katta maqsadi — National Geographic bilan hamkorlikda ishlash hamda O‘zbekiston tabiati, odamlari, turmush tarzini fotosuratlar orqali dunyoga ko‘rsatish. Shu maqsadi yo‘lida ingliz tilini ham puxta o‘rganmoqchi. Uning ta’kidlashicha, fotografiyada eshitish bo‘yicha to‘siqlar yo‘q; u eshita olmasligidan faqat bir narsada — bu nuqsoni mashhur fotograflar bilan og‘zaki muloqot qilishda xalal berishi mumkinligidan afsuslanadi, xolos.
Ko‘rgazmada taqdim etilgan har bir mavzuga xos suratlarni kuzatar ekansiz, unda oddiy odamlarning orzu-umidlari, quvonchu armonlari muhrlanib, hayot lavhalari aks ettirilganiga guvohi bo‘lasiz. Fotosuratlardan o‘zgacha quvonch va zavq olib, barcha mualliflariga yanada yorqin lahzalarni muhrlashlarida omad tiladik.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Fvy-AI29oCg?si=e27RV5Cpw2xUoGNv" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, U.To‘xtayev(video), O‘zA