Superligada “Paxtakor” ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 5-turidan o‘rin olgan barcha uchrashuvlar o‘z yakuniga yetdi.
Jumladan, mazkur turning so‘nggi kun bellashuvlarida "Paxtakor" 3:1 hisobida OKMK jamoasini taslim etgan bo‘lsa, "Neftchi" 4:0 hisobida "Qizilqum" klubini mag‘lubiyatga uchratdi. Shuningdek, "Surxon" – "Buxoro" to‘qnashuvi 3:1 hisobida yakunlandi.
Shu tariqa, Superligada 5-tur yakunlariga ko‘ra, “Neftchi” jamoasi 15 ochko jamg‘argan holda yaqqol peshqadamga aylanib oldi. Jamoa o‘tgan o‘yinlarning barchasida zafar quchib, raqib darvozasini 16 bora ishg‘ol etgan bo‘lsa, atigi 1 ta to‘p o‘tkazib yubordi. “Paxtakor” esa ushbu turdagi g‘alabadan so‘ng 12 ochko jamg‘ardi va ikkinchi pog‘onaga ko‘tarilib oldi.
Chempionatning uchinchi pog‘onasi uchun kurash “Nasaf”, “Buxoro” hamda “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasida kechmoqda. Ayni damda bu jamoalar hisobida 10 ochko bor va ular gollar nisbatiga ko‘ra, 3-5-pog‘onalardan joy olgan. Jadvalning o‘rta qismida “Navbahor” 9, “Lokomotiv”, “Surxon” va “Xorazm” kabi jamoalar 7 ochko bilan joy olgan.

Jadvalning 10-11-o‘rinlarida borayotgan “Qizilqum” va “Andijon” jamoalari 6 ochkodan jamg‘argan. Keyingi pog‘onalarda “Qo‘qon-1912” 5 ochko bilan 12-o‘rinda bormoqda. Shuningdek, OKMK va “Dinamo” jamoalari 4 ochkodan to‘plab, 13-14 o‘rinlarni band etmoqda. Jadvalning eng quyi qismida esa “So‘g‘diyona” va “Mash’al” jamoalari qolmoqda. Xususan, “So‘g‘diyona” 2 ochko bilan, “Mash’al” esa ochkosiz qolmoqda.
O‘zbekiston Superligasida 5-turdan so‘ng to‘purarlar o‘rtasidagi raqobat ham tobora qizg‘in tus olmoqda. Ayni “Neftchi” jamoasi hujumchisi Peritsa Stipe 4 ta gol bilan peshqadamlik qilmoqda. Uni “Paxtakor” a’zosi Dostonbek Hamdamov, “Surxon” jamoasi hujumchisi Stefan Chinedu, “Neftchi” futbolchilari Zoran Marushich va Alisher Odilov 3 tadan gol bilan ta’qib etayotir.

Endi Superliganing navbatdagi tur uchrashuvlari 7-9-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi. Uch kun davom etadigan tur doirasida jami sakkizta bellashuv tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Jumladan, 7-aprel kuni “Lokomotiv” o‘z maydonida “Xorazm”ni qabul qiladi. Shuningdek, “Mash’al” — “Bunyodkor” hamda “Andijon” — “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlar o‘tkaziladi.

8-aprel kuni “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida “Nasaf”ni sinovdan o‘tkazsa, OKMK — “Surxon” hamda “Dinamo” — “So‘g‘diyona” jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.

Turning so‘nggi uchrashuvlari 9-aprel kuniga belgilangan. Jumladan, markaziy bellashuvlardan biri sifatida “Neftchi” va “Paxtakor” jamoalari o‘rtasidagi bahs e’tirof etilmoqda. Shuningdek, “Buxoro” — “Qizilqum” uchrashuvi ham bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA