Superligada bugun 20-turning to‘rtta uchrashuvi: Qarshida peshqadam «Neftchi»ni jiddiy sinov kutmoqda
Asosiy favoritlar bugun navbatdagi uchrashuvlarini o'tkazadi.
Bugun, 4-sentabr kuni O‘zbekiston Superligasi 20-turidan o‘rin olgan to‘rtta uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Turning asosiy e’tibori Qarshiga qaratiladi — «Nasaf» chempionat peshqadami «Neftchi»ni qabul qiladi.
18:00 — «Bunyodkor» — «Surxon»
Kun dasturi «Bunyodkor» va «Surxon» uchrashuvi bilan boshlanadi. Har ikki jamoa turnir jadvalining quyi qismida joylashgan: «Surxon» 20 ochko bilan 13-o‘rinda, «Bunyodkor» esa 19 ochko bilan 15-pog‘onada. Shu sabab bu bahs ikki jamoa uchun ham quyi o‘rinlardan uzoqlashish yo‘lida juda muhim.
19:00 — «Navbahor» — «Lokomotiv»
Namanganda esa yuqori o‘rinlar uchun bevosita raqobatchilar to‘qnashadi. 19 turdan so‘ng «Navbahor» 37 ochko bilan uchinchi, «Lokomotiv» 31 ochko bilan beshinchi o‘rinda bormoqda. «Lochinlar» peshqadamlar ortidan quvishni davom ettirish uchun o‘z maydonida ochko yo‘qotmaslikka harakat qiladi.
19:00 — «Nasaf» — «Neftchi»
Turning markaziy bahsi Qarshida. «Neftchi» 19 uchrashuvdan keyin 45 ochko bilan Superliga peshqadami. «Nasaf» esa 25 ochko bilan 9-o‘rinda. Turnir jadvalidagi katta farqqa qaramay, Qarshidagi safar farg‘onaliklar uchun oson kechmasligi aniq. «Neftchi» uchun esa g‘alaba chempionlik poygasidagi ustunlikni saqlab qolish imkonini beradi.
20:15 — «Paxtakor» — «Andijon»
Kunning so‘nggi uchrashuvida «Paxtakor» «Andijon»ni qabul qiladi. “Sherlar” 40 ochko bilan ikkinchi o‘rinda va peshqadam «Neftchi»dan besh ochko ortda qolmoqda. Shu bois Toshkent klubi uchun har bir yo‘qotilgan ochko chempionlik kurashida qimmatga tushishi mumkin. «Andijon» esa 27 ochko bilan yettinchi pog‘onada bormoqda.