Superliga: 20-turning asosiy uchrashuvlari bugun o‘tkaziladi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 20-turi doirasidagi dastlabki uchrashuvda OKMK «Xorazm»ni mag‘lub etdi. Bugun tur doirasida yana to‘rtta bahs o‘tkaziladi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 20-turidan o‘rin olgan OKMK va «Xorazm» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunlandi. Olmaliq shahridagi OKMK sport majmuasida o‘tkazilgan bahsda mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdagi yagona golni Siyavash Haqnazariy 15-daqiqada kiritdi.
Bugun, 4-sentabr kuni milliy chempionatimizning 20-turi doirasida to‘rtta uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Unda «Bunyodkor» — «Surxon», «Navbahor» — «Lokomotiv», «Nasaf» — «Neftchi» hamda «Paxtakor» — «Andijon» jamoalari maydonga tushadi.
Ushbu bahslar orasida markaziy uchrashuv sifatida e’tirof etilayotgan «Nasaf» — «Neftchi» to‘qnashuvi oldidan jamoalarning milliy chempionat doirasidagi o‘zaro o‘yinlari statistikasiga nazar tashlaymiz.
Bugunga qadar mazkur jamoalar Superliga (Oliy liga) bahslarida 55-marta o‘zaro maydonga tushgan. Ularning 22 tasida «Nasaf» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 21 uchrashuvda «Neftchi» ustun kelgan. Qolgan 12 bahs durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati esa «Nasaf» foydasiga — 69:61.
Shuningdek, «Paxtakor» — «Andijon» uchrashuviga ham qiziqish katta. Jamoalar shu kunga qadar chempionatda 59-marta to‘qnash kelgan. Ularning 42 tasida «Paxtakor» g‘alaba qozongan, 10 uchrashuv durang bilan yakunlangan. «Andijon» esa 7-marta zafar quchgan.
Bu bahslarda «Paxtakor» raqib darvozasiga 140 ta gol urgan va o‘z darvozasidan 43 ta to‘p o‘tkazib yuborgan.

Toshkentdagi uchrashuvlarda esa ustunlik «Paxtakor» tomonida. Poytaxtda o‘tkazilgan 29 bahsning 24 tasida mezbonlar g‘alaba qozongan, 4 uchrashuv durang bilan yakunlangan. Bir marta «Andijon» futbolchilari safarda zafar quchgan.
Jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro uchrashuvlardagi eng yirik hisob 2015-yil Toshkentda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda «Paxtakor» 6:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA