Superliga. 13-tur: Peshqadam «Neftchi» Jizzaxda 5 ta gol urdi, «Paxtakor» va «Buxoro»da muhim g‘alabalar
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 13-turidan o‘rin olgan dastlabki uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 13-turidan o‘rin olgan dastlabki uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda musobaqa peshqadami «Neftchi» safarda yirik hisobda zafar quchgan bo‘lsa, «Paxtakor» va «Buxoro» jamoalari o‘z maydonlarida qimmatli 3 ochkoni qo‘lga kiritishdi.
«Neftchi»dan gollar shousi
Zomin shahridagi stadionda kechgan «So‘g‘diyona» hamda «Neftchi» qarama-qarshiligi kutilmagan ssenariy ostida boshlandi.
Uchrashuvning 22-daqiqasida mezbonlar a'zosi Petar Michin hisobni ochib, jizzaxliklarni oldinga olib chiqdi. Biroq o‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng farg‘onaliklar haqiqiy «shturm» uyushtirishdi va birinchi bo‘limning o‘zidayoq ketma-ket 3 ta gol urib, o‘yin taqdirini amalda hal qilishdi.
Ibrohimhalil Yo‘ldoshev (30-daqiqa), Xurshid G‘iyosov (33-daqiqa) va Stipe Peritsa (36-daqiqa) qisqa vaqt ichida hisobni 1:3 ko‘rinishiga keltirishgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda Anvar G‘ofurov (55-daqiqa) hamda Jamshid Iskanderov (81-daqiqa) hisobni yiriklashtirishdi — 1:5.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Islombek Ismoilov shogirdlari o‘z ochkolarini 34 taga yetkazib, turnir jadvalidagi yakka peshqadamligini yanada mustahkamlab olishdi. 12 ochkoga ega «So‘g‘diyona» esa 14-o‘rinda qolmoqda.
«Paxtakor» o‘z maydonida irodali g‘alabaga erishdi
Poytaxtda o‘tgan bahsda «Paxtakor» o‘z maydonida «Xorazm» klubini qabul qildi.
Uchrashuv mehmonlar uchun omadli boshlandi. 8-daqiqadayoq Elzio Lohan kutilmaganda hisobni ochib, «sherlar»ni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Biroq maydon egalari ko‘p o‘tmay — 18-daqiqada Sardor Sobirxo‘jayevning aniq zarbasi evaziga muvozanatni tiklashga erishishdi.
Ikkinchi bo‘limda tashabbusni o‘z qo‘liga olgan toshkentliklar 67-daqiqada hal qiluvchi golni urishdi — Stefan Chinedu jamoasiga muhim 3 ochkoni taqdim etdi (2:1).
Ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng «Paxtakor» 30 ochko jamg‘argan holda 2-pog‘onani egallab turibdi. Mag‘lubiyatga uchragan «Xorazm» esa 13 ochko bilan 12-o‘rindan joy olgan.
Navoiyda yagona gol o'yin taqdirini hal qildi
Tur doirasidagi yana bir qiziqarli bahs Navoiyda kechdi. Unda «Buxoro» poytaxtning «Bunyodkor» klubini qabul qildi.
Teng kurashlar ostida o‘tgan uchrashuv taqdirini birinchi bo‘lim oxirida urilgan yagona gol hal qildi. 45-daqiqada Asadbek Jo‘raboyev tomonidan kiritilgan to‘p «Buxoro»ga minimal hisobdagi g‘alabani taqdim etdi — 1:0.
G‘alaba evaziga ochkolarini 23 taga yetkazgan buxoroliklar turnir jadvalining 3-pog‘onasiga ko‘tarilib olishdi. Mag‘lubiyatga uchragan «qaldirg‘ochlar» esa 19 ochko bilan 6-o‘rinni egallab turishibdi.