Superliga. 10 kishi bo‘lib qolgan “Buxoro” 90+2-daqiqada “Qo‘qon-1912”ni g‘alabadan mahrum qildi
“Markaziy” stadionidagi uchrashuvning dastlabki 45 daqiqasida jamoalar darvozani ishg‘ol qila olmadi.
Superliganing 19-turi “Qo‘qon-1912” uchun alamli yakunlandi. Qo‘qonliklar o‘z maydonida “Buxoro” ustidan g‘alaba qozonishga juda yaqin kelgan bo‘lsa-da, qo‘shib berilgan daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol sabab ikki ochkodan ayrildi — 1:1.
“Markaziy” stadionidagi uchrashuvning dastlabki 45 daqiqasida jamoalar darvozani ishg‘ol qila olmadi. Hisob ikkinchi bo‘lim boshlanganidan ko‘p o‘tmay ochildi.
49-daqiqada hakam “Buxoro” darvozasi tomon penalti belgiladi. Nuqtaga kelgan Javohir Sidiqov imkoniyatdan unumli foydalanib, mezbonlarni oldinga olib chiqdi.
Bahs oxiriga yaqin “Buxoro”ning vaziyati yanada murakkablashdi. 88-daqiqada Sardor Qulmatov ikkinchi sariq kartochkasini olib, maydonni muddatidan avval tark etdi.
Bir kishi kam bo‘lib qolganiga qaramay, mehmonlar taslim bo‘lmadi. 90+2-daqiqada Shahzodbek Ubaydullayev jarima zarbasini ajoyib tarzda ijro etib, “Buxoro”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi — 1:1.
Shu tariqa, “Qo‘qon-1912” uch ochkoni qo‘lga kiritishiga sanoqli daqiqalar qolganida g‘alabani boy berdi. “Buxoro” esa o‘n kishi bo‘lib qolgan holatda ham Qo‘qondan bir ochko olib ketishga muvaffaq bo‘ldi.