Sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat va moliya xizmatlarini raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda bank tizimida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish va zamonaviy xizmatlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Shu maqsadda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va “Huawei” kompaniyasi o‘rtasida sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar hamda bank infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat innovatsion yechimlarni joriy etish, bankning raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish va tomonlar o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega.

Hamkorlik doirasida bank tizimida sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni joriy etish, texnologik infratuzilmani takomillashtirish va mijozlarga taqdim etilayotgan raqamli xizmatlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi.
Uchrashuvda xalqaro tajribani o‘rganish, ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish va sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. “Huawei” mutaxassislari Xitoy moliya sektorida amalga oshirilgan amaliy loyihalar va ularning samaralari haqida ma’lumot berdi.
–“O‘zsanoatqurilishbank” ATB bilan tarmoq infratuzilmasi bo‘yicha qator hamkorlik loyihalarini amalga oshirganmiz, – dedi “Huawei Uzbekistan” kompaniyasi direktori Tan Syaosyan. – Bugun bank raqamli rivojlanish, mijozlar tajribasini yanada yaxshilash, operatsion samaradorlikni oshirish hamda intellektual yechimlarni keng qo‘llash bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Bu Huawei’ning AI imkoniyatlari orqali mijozlar uchun yangi qiymat yaratish strategiyasiga to‘liq mos keladi. Shu bois hamkorlikni kengaytirish va mamlakatga ilg‘or texnologiyalarni olib kirish maqsadida SQB bilan memorandum imzolaganimizdan mamnunmiz.
“O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadordik tijorat banki Sun’iy intellekt bo‘yicha bosh direktori Sergey Kozlov qayd etganidek, mazkur kelishuv bankning texnologik taraqqiyoti uchun har jihatdan foydalidir.

–“Huawei” axborot texnologiyalari, apparat ta’minoti va AI sohasida katta tajribaga ega xalqaro kompaniya. Ushbu hamkorlik bankka ilg‘or texnologiyalar va ekspert bilimlarini jalb qilish, raqamli rivojlanishni jadallashtirish hamda intellektual mahsulotlarni yaratish uchun keng imkoniyat ochadi. Shu bilan birga, u mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoda yangi istiqbollarni ro‘yobga chiqarish uchun ishonchli asos bo‘ladi, – deya ta’kidladi u.
Imzolangan memorandum mazkur xalqaro tajribani bank faoliyatiga tatbiq etish, innovatsion yechimlarni joriy qilish hamda sun’iy intellekt asosidagi yangi avlod bank xizmatlarini rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
“Huawei Uzbekistan” kompaniyasi axborot xizmatiga ko‘ra, “Huawei” moliya sohasi uchun texnologiyalar ishlab chiqish bo‘yicha 16 yillik tajribaga ega bo‘lib, bugungi kunda dunyoning 80 ta mamlakatidagi 7 100 dan ortiq moliyaviy tashkilot bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA