Sun’iy intellekt sohalarga qay darajada tatbiq etilmoqda?
Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish, ayniqsa, davlat boshqaruvi hamda soha va tarmoqlarga keng integratsiya qilish, tarmoqlararo hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar holati yuzasidan soha vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Deputatlar, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Sog‘liqni saqlash, Transport, Energetika va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tgan muloqotda sun’iy intellekt sohasida tizimli huquqiy va institutsional asoslar yaratilgani, Prezident qarori bilan 2030-yilgacha sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlangani qayd etildi.

Qarorda davlat boshqaruvi, sog‘liqni saqlash, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi hamda boshqa ustuvor tarmoqlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish vazifalari belgilangan. Ayniqsa, davlat organlari faoliyatiga sun’iy intellekt yechimlarini keng tatbiq etish, milliy raqamli platformalarni rivojlantirish, mahalliy IT-kompaniyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Muloqot davomida vazirliklar tomonidan sun’iy intellektni amaliyotga joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi 2030-yilga qadar 20 ta AI yechimini joriy etish, 1500 dan ortiq tibbiyot muassasasini qamrab olish, diagnostika vaqtini 30–50 foizga qisqartirish va yiliga 500 ming soat shifokorlar mehnatini tejash rejalarini taqdim etdi.

Energetika vazirligi neft-gaz, elektr energetikasi va gidroenergetika ob’ektlarida intellektual monitoring va videoanalitika tizimlari joriy etilayotganini ma’lum qildi. Transport vazirligi jamoat transportini boshqarishda sun’iy intellekt, Face Pay va Palm Pay to‘lov tizimlari hamda elektron ruxsatnomalarni avtomatik tekshirish mexanizmlarini taqdim etdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 100 dan ortiq xizmatni birlashtirgan AgroPortal platformasi, kosmik monitoring, geoaxborot tizimlari va sun’iy intellekt asosida hosildorlikni prognozlash loyihalari, shuningdek, Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan raqamli agrotexnologiyalar haqida ma’lumot berildi.
Muhokamalarda sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga keng tatbiq etishni jadallashtirish borasida takliflar bildirildi. Mazkur yo‘nalishdagi loyihalar samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish lozimligi alohida qayd etildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA