Sumkadan bo‘g‘ma ilon topildi
“Navoiy” chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan piyoda kirib kelgan fuqaroning qo‘l sumkasi nazorat-rentgen uskunasi orqali tekshirilganda, uning ichida tirik ilon borligi ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jonivor yo‘lbarssimon bo‘g‘ma iloni bo‘lib, mazkur turning tabiiy yashash hududi Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. Xalqaro muhofaza ostidagi bu hayvonni O‘zbekiston hududiga olib kirish uchun maxsus CITES ruxsatnomasi talab etiladi. Biroq, yo‘lovchi bunday hujjatlarni taqdim etmagan.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Ilon esa belgilangan tartibda Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan bo‘lib, uning holati qoniqarli ekani ma’lum qilindi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri