Sukunatda so‘zlagan ranglar(+video)
"Rassom ustaxonasi" loyihasining navbatdagi mehmoni Elnur Egamov. Qahramonimiz asarlari bir qarashda tushunarsizdek tuyuladi. Ammo sinchiklab nazar solsangiz, ular zamirida nihoyatda qiziqarli, falsafiy va psixologik g‘oyalar yashiringanini anglaysiz. Uning asarlari insonni o‘ylantiradi, mulohazaga chorlaydi, ba’zan esa achinishga majbur qiladi.
Rassom Elnur Egamov — izlanuvchan, mehnatkash va atrofidagi voqelikka befarq bo‘lmagan ijodkor. U jamiyatimizda bo‘layotgan jarayonlarni kuzatadi, inson va uning ichki kechinmalarini o‘rganadi va o‘z qarashlarini ranglar, obrazlar va g‘oyalar orqali ifodalaydi.
Uning san’atida savol bor, izlanish bor, ba’zan esa javob topishga undaydigan sukut bor. “Ayol”, “Oila”, “Otilmagan odam”, “Zangori ekran”, “Renessans”, “Unutilgan DNK”, “Yozilmagan qonunlar”, “Tumor”, “Dinlar”, “G‘alaba” kabi asarlarida rassom inson, jamiyat, xotira, qadriyat va zamon haqidagi qarashlarini turli obrazlar orqali ifodalaydi. Elnur Egamov ijodida grafika va installyatsiya uyg‘unlashib, oddiy ko‘ringan obrazlar ortida murakkab va falsafiy ma’nolarni namoyon etadi.
Suhbatni O‘zAning YouTube sahifasida to‘liq tomosha qiling.
Munira Ramazonova, Doniyor Yakubov, Iskandar Ismatov, O‘zA