Sug‘urta bozorida samarali nazorat o‘rnatildi, endilikda insofsiz sug‘urta agentlari reyestri yuritiladi
2026-yil 23-iyunda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Qonun qabul qilinishiga nima sabab bo‘ldi? Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev shu haqda gapirib berdi:
– Mamlakatimizda sug‘urta xizmatlari bozori rivojlanib, raqamli xizmatlarda to‘lovlarni amalga oshirish va to‘lov hujjatlariga sifatli hamda xavfsiz ishlov berish bilan bog‘liq moliyaviy texnologiyalar joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, sug‘urtalovchi va sug‘urta brokerlari faoliyatidagi nazoratning to‘liq amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligi ko‘plab sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois, fuqarolar hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat tomonidan bu sohada samarali nazoratni ta’minlash zaruriyati ortib bormoqda.
Yuqoridagi holatlar “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonun qoidalari bir xil qo‘llanilishi uchun amaldagi qonun hujjatlari normalarini unga muvofiqlashtirish zaruriyatini keltirib chiqardi.
Kuchga kirgan yangi qonunning asosiy maqsadi – sug‘urta qildiruvchilar, sug‘urtalangan shaxs, sug‘urta xizmatlarining iste’molchilarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash uchun vakolatli davlat organining nazorat vazifalarini kengaytirish, sug‘urta va bank siriga oid ma’lumotlardan foydalanishini ta’minlash, sug‘urta bozorining boshqa professional ishtirokchilari faoliyatini tartibga solish, sug‘urtalovchi foydasining cheklanishi mumkin bo‘lgan holatlarni qonunchilikka kiritishdan iborat.
Qonun bilan “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, majburiy sug‘urta ob’ekti bir vaqtning o‘zida bir xil turdagi bir nechta majburiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalanishi mumkin emas. Vakolatli davlat organi tomonidan insofsiz sug‘urta agentlarining reyestri yuritiladi.
Qayta sug‘urta brokerlari, syurveyerlar, ajasterlar, assistanslar va aktuar tashkilotlar faoliyatining boshlanishi yoki tugatilishi to‘g‘risida vakolatli organni xabardor qilish tartibi belgilandi.
Kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlardan kelib chiqib, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun ham ushbu norma bilan to‘ldirildi.
Qonun “Sug‘urta polisi” tushunchasini belgilovchi alohida modda bilan to‘ldirildi. Sug‘urta shartnomasi yoki sug‘urta qoidalariga asosan belgilangan sug‘urta mukofotining to‘langanligini va sug‘urtalovchining sug‘urtaga oid majburiyatlari kuchga kirganini tasdiqlovchi hujjat sug‘urta polisi hisoblanadi.
Sug‘urtalovchining, sug‘urta brokerining rahbarlari va bosh buxgalterlariga soha bo‘yicha qonunchilik hujjatlarini bilish bo‘yicha malaka talabi belgilash bo‘yicha o‘zgartirish kiritildi.
Vakolatli davlat organiga sug‘urta va bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plash, saqlash va qayta ishlash huquqini berish bo‘yicha o‘zgartirish kiritildi.
“Davlat soliq xizmati to‘g‘risida” qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslaridan tashqari ularning xodimlari ham qonunda belgilangan tartibda ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urtalanishi lozimligi belgilandi.
“Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida” qonunga kiritilgan o‘zgartirish bilan qonunchilikda hayoti va sog‘lig‘i davlat tomonidan majburiy sug‘urta qilinishi belgilangan shaxslarning bir vaqtning o‘zida byudjet mablag‘lari hisobidan ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalanishi taqiqlandi.
Havo va Fuqarolik kodekslariga hamda “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”, “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida” va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlaridagi tushunchalar “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan asosiy tushunchalar (sug‘urta summasi, sug‘urta mukofoti, sug‘urta tovoni)ga muvofiqlashtirildi.
Qonun sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish orqali sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari va iste’molchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi. Elektron tijorat sohasi takomillashtirilib, elektron tijorat operatorlari faoliyati ustidan samarali nazorat yo‘lga qo‘yiladi. Bu fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA