Sudyalikka nomzodlar qanday imtihon qilinmoqda?
Sudyalar qanday tanlanadi yoki tayinlanadi, degan savolga ilgari javob berish biroz mushkul edi. Chunki aynan shu yo‘nalishda ochiqlik ta’minlanmas, sohaga qanday kadrlar tanlab olinishi haqida hech qayerda ma’lumot ham berilmasdi.
Bugun esa kimlar sudyalikka nomzod ekanidan tortib, sudyalikka tayinlash bo‘yicha imtihon jarayonlari ham ochiq-oshkora amalga oshirilmoqda.
Bu Sudyalar oliy kengashi tomonidan tizimda ochiqlik, shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tufayli.
Sudyalikka nomzodlarni kengash a’zolari imtihondan o‘tkazar ekan, ularga istalgan savollarini berish bilan birga hayotiy tajribasi, dunyoqarashini ham sinovdan o‘tkazadi.
Tajribali sudyalar, huquqshunos olimlardan tarkib topgan 20 ga yaqin kengash a’zolari oldida savollarga javob berish uchun ham nomzodda bilim va tajriba yetarli bo‘lishi shart.
E’tiborli jihati, ochiq imtihon jarayonlarini boshqa nomzodlar, sud tizimi xodimlari, hatto viloyat sudlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari kuzatib boradi.

Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, tizim faoliyati ochiqlik mezoniga asoslanmas ekan, jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash masalasida amalga oshirilayotgan ishlarga soya tushaveradi.
Sudyalar oliy kengashining bugun bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida bir guruh sudyalikka nomzodlar imtihondan o‘tkazildi.
Yig‘ilish avvalida Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov sud tizimini yetarli hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirishga harakat qilinayotganini ta’kidladi.
Tizimdagi shaffoflik belgilaridan yana biri bo‘sh turgan sudyalik lavozimlari, sud tizimidagi boshqa bo‘sh ish o‘rinlari haqida ham ochiq e’lonlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borilmoqda.
Yig‘ilish davomida savollarga to‘laqonli javob bergan 12 nomzod sudyalik lavozimiga munosib, deb topildi. Shundan bir nafari muddatsiz davrga, uch nafari yangi vakolat muddatiga va sakkiz nafari vakolat muddati davriga qayta tayinlandi.
N.Abduraimova, O‘zA