Sudyalar sayyor qabulidan murojaatchilar rozimi?
Surxondaryo viloyatidagi Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Lutfulla Mamarajabov, Surxondaryo viloyat sudi raisi o‘rinbosarlari Odil Normahmatov, Bahodir Djumayev, Zoir Rustamov va viloyat ma’muriy sudi raisi Rahmatilla G‘ulomovlar ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.
Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan qabulda jinoyat ishlari bo‘yicha 36 ta, fuqarolik ishlari bo‘yicha oltita va ma’muriy sudlarga oid to‘rtta murojaat tinglanib, ularni birgalikda yechish yo‘llari izlandi. Shu kuni murojaatlarning 33 tasi joyida hal etilib, 13 tasiga huquqiy tushuntirish berildi.


Sayyor qabul doirasida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning taqdimnomalari asosida 36 nafar mahkum o‘talmay qolgan axloq tuzatish ishlari va boshqa jazolardan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi. Olti nafar shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilib, huquqbuzar bilan jabrlanuvchi yarashgani munosabati bilan ish yuritishdan tugatildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar 21 nafar fuqaroning aliment undirish to‘g‘risidagi arizalarini qanoatlantirib, Majburiy ijro byurosining tegishli hududiy bo‘limlariga ijro uchun yubordi. Ikki fuqaroning nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’vo arizalari ko‘rib chiqilib, oilalar yarashtirildi va ish yurituvdan tugatildi.


Sayyor qabulda o‘rtaga tashlagan masalalari o‘z yechimini topgan murojaatchilar adolat posbonlariga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri