Sudyalar ochiqlik asosida imtihon qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi sudyalar oliy kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi sudyalar oliy kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda bir guruh sudyalarni navbatdagi muddatga tayinlashga doir hamda Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar koʻrib chiqildi.
Kengash tashabbusi bilan tadbirga ilk marta ommaviy axborot vositalari xodimlari ham taklif etildi.
Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, tizim faoliyati ochiqlik mezoniga asoslanmas ekan, jamiyatda ijtimoiy adolatni taʼminlash masalasida amalga oshirilayotgan ishlarga soya tushaveradi.
Sudyalik lavozimiga tayinlash vakolati toʻliq Sudyalar oliy kengashiga berilgan boʻlsada, (avval barcha darajadagi sudyalar Prezident farmoyishi bilan lavozimiga tayinlab, yana shu tartibda ozod etilar edi), sud tizimini salohiyatli va layoqatli kadr bilan toʻldirishdagi muayyan kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani, bu hol odil sudlovni taʼminlashga toʻsqinlik qiluvchi omillardan biri boʻlib kelayotgan edi.
Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmoʻmin Yodgorov ayni paytda sud tizimini yetarli hayotiy tajribaga ega boʻlgan, yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirishga harakat qilinayotganini taʼkidladi.
Kengashning ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar shoʻbasining maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda 175 sudyalik lavozimlari boʻsh turibdi va ularni munosib kadrlar bilan toʻldirish borasida belgilangan tartibda barcha choralar koʻrilmoqda.
Xususan, Kengash faoliyatida ilk marta boʻsh sudyalik oʻrinlari uchun hududlar kesimida tanlov oʻtkazilishi ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilingani ham shu borada amalga oshirilayotgan ishlar sirasiga kiradi.
Sudyalar oliy kengashining navbatdagi yigʻilishida besh yil va undan koʻp muddat sudya sifatida faoliyat yuritib, muddati tugagan 19 nafar sudyani navbatdagi yangi vakolat muddatiga tayinlash masalasi koʻrib chiqildi.
Eʼtirof etish kerakki, shu kunga qadar sudyalarni tayinlanish jarayonini kuzatish va yoritishda ochiqlik yetarli darajada taʼminlanmayotgan edi. Bu safar esa ommaviy axborot vakillari taklif etilgani, jarayonni toʻliq kuzatish uchun kerakli shart-sharoitlar yaratilgani tizimda yangicha yondashuv, ochiqlik, shaffoflik tamoyillari qaror topayotganini koʻrsatdi.
Bu esa ilgʻor demokratik davlatlar tajribalaridan kelib chiqib, Sudyalar oliy kengashi faoliyatida sudyalarni yangicha mezon va tartib asosida shaffof tayinlashning yangi davri boshlanganini anglatadi.