Sudyalar hamjamiyati organlarining huquqiy maqomi belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Dastlab deputatlar “Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqdi.
Deputat D.Aripov qayd etganidek, sudyalar hamjamiyati organlari sud mustaqilligini kafolatlash, sudyalar korpusini shakllantirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda sudyalikka nomzodlarni tanlashda muhim o‘rin egallamoqda. Mazkur qonun loyihasi bilan sudyalar hamjamiyati organlarining turlari, ularning huquqiy maqomi, vazifa va funksiyalari aniq belgilab qo‘yilmoqda. Sudyalar hamjamiyati organlarini tashkil etish prinsiplari belgilanmoqda.

Sudyalar hamjamiyati organlari nima uchun kerak, uning vazifasi nimalardan iborat? Jamiyat va fuqarolarning sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini oshirish, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, sud tizimini va sud ishini yuritishni takomillashtirishga ko‘maklashish, sudyalar tomonidan Sudyalar odobi kodeksi talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda sudyalarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish Sudyalar hamjamiyati organlarining asosiy vazifalari sifatida belgilanmoqda.
Shuningdek, sudyalarning malaka darajalarini berish, intizomiy ishlarni ko‘rib chiqish hamda vakolatlarni to‘xtatish va tugatish tartiblari huquqiy jihatdan mustahkamlanmoqda.
Ta’kidlanganidek, loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida bir qator to‘ldirishlar va o‘zgartirishlar kiritilib, ayrim normalar chiqarib tashlandi. Deputatlar va soha mutaxassislarining takliflari asosida hujjat yanada takomillashtirildi.
Sudyalar hamjamiyati organlarining huquqiy asoslari belgilanishi bilan sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishi ta’minlanadi. Shuningdek, sud hokimiyatining nufuzini mustahkamlash, sudyalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga erishiladi. Bu esa, o‘z navbatida, shaxsning odil sudlovga bo‘lgan huquqlari yanada mustahkamlanishi hamda odil sudlov sifati va samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.
Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA