Sudyalar daromadlari va mulkini deklaratsiyalashga oid elektron tizim 2026-yil 1-sentabrga qadar ishga tushadi
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 8-iyundagi “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi sifat bosqichiga olib chiquvchi muhim hujjat bo‘ldi.
Mazkur hujjatning ahamiyati va ijrosi xususida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyasi Vasila Abdusattorova bilan suhbatlashdik.

– Sud hokimiyatining mustaqilligi, odil sudlovning adolatliligi va fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi har qanday huquqiy davlatning eng muhim mezonlaridan biridir.
Zero, insonning huquq va erkinliklari, mol-mulki, sha’ni va qadr-qimmati, taqdiri hal etiladigan joyda qonun ustuvorligi bilan bir qatorda halollik, xolislik va yuksak kasbiy mas’uliyat ham mutlaq qadriyat bo‘lishi lozim.
Zamonaviy sud tizimi oldida korrupsiyaviy xavflarni va huquqbuzarliklarni sodir etilishidan oldin aniqlash va bartaraf etish vazifasi turibdi.
Farmonning o‘zida ham uning asosiy maqsadlari sifatida korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va baholashning professional tizimini joriy etish, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni barvaqt bartaraf etish, sud apparatida meritokratiyaga asoslangan kadrlar siyosati va sud tizimiga jamoatchilik ishonchini mustahkamlash belgilangan.
Ushbu farmonning eng muhim jihati shundaki, unda korrupsiyaga qarshi kurashishning profilaktik modeli ustuvor vazifa sifatida qo‘yilgan.
Farmon bilan Oliy sudda sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash uchun komplayens nazorat xizmati tashkil etilmoqda.
– Komplayens nazorat xizmati qanday ishlarni amalga oshiradi?
– Mazkur xizmat oddiy nazorat bilan cheklanib qolmay, korrupsiyaviy xavflarni aniqlaydi va baholaydi. Kasb etikasiga rioya qilinayotganini monitoring qiladi. Ishga qabul qilishda nomzodlarni korrupsiyaga qarshi tekshiradi. Xodimlarning korrupsiyaga qarshi bilim va ko‘nikmalarini oshirishni muvofiqlashtiradi hamda deklaratsiya tizimlarini yuritadi.
Yana bir muhim jihat, komplayens nazorat xizmati sud apparati xodimlarining odob-axloqi va xizmatdan tashqari xulq-atvori bilan bog‘liq masalalarda xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish vakolatiga ega bo‘ladi.
Sud tizimida yo‘lga qo‘yilayotgan komplayens modeli xalqaro amaliyotda shakllangan “korrupsiya sodir bo‘lgandan keyin aniqlash” emas, “korrupsiyaga olib keluvchi sharoitni oldindan bartaraf etish” tamoyilining bevosita amaliy ifodasidir.
– Sud tizimida daromad va mol-mulkni deklaratsiya qilish tizimi qachon ishga tushadi?
– Farmonda sudyalar hamda sud apparati xodimlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish, deklaratsiya ma’lumotlarini integratsiyalashgan tizim orqali tekshirish mexanizmlarini joriy etish ham belgilangan.
Sudyalar bo‘yicha bunday elektron tizim 2026-yil 1-sentabrga qadar, sud apparati xodimlari bo‘yicha esa 2027-yil 1-mayga qadar joriy etiladi.
Farmonning yana bir muhim yangiligi – korrupsiya haqida xabar bergan xodimlarni himoya qilish va rag‘batlantirish, pora taklif qilingan holatlar haqida xabar berish tizimi hamda fuqarolar uchun xavfsiz aloqa kanallarini joriy etish nazarda tutilgani. Bu mexanizm sud tizimida ichki “halollik immuniteti”ni shakllantirishga xizmat qiladi.
Ya’ni, korrupsiya haqida xabar berish xodim uchun xavfli harakat emas, balki jamoat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonuniy va rag‘batlantiriladigan faollikka aylanadi.
Bu komplayens tizimining eng muhim elementlaridan biri bo‘lib, ISO 37001 standartida ham korrupsiyaga qarshi choralarning samaradorligini ta’minlashda xabar berish va monitoring mexanizmlariga alohida ahamiyat berilgan.
Farmon asosida sud apparatida kadrlar siyosati tubdan yangilanmoqda. Unda nomzodlarning nafaqat kasbiy bilimi, balki ma’naviy-axloqiy va halollik sifatlarini baholaydigan ochiq tanlov tizimini joriy etish belgilangan. Bu meritokratiya tamoyilini sud apparati kadrlar siyosatiga chuqur singdirishga xizmat qiladi.
2026-yil yakuniga qadar “vacancy.sud.uz” portali va “SudHR” elektron platformasi ishga tushiriladi. Bunda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan vakansiyalarni e’lon qilish, nomzodlarni saralash va ishga qabul qilish jarayonlarida foydalaniladi.
– Sud ishlarini avtomatik taqsimlash dasturi yanada takomillashtirilishi qanday natija beradi?
– Bu juda muhim institutsional chora hisoblanadi. Chunki sud ishlariga insonning sub’ektiv aralashuvi qancha kamaysa, sudya tanlash jarayonida tashqi ta’sir ehtimoli ham shuncha pasayadi.
Sudyalar va sud apparati xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha har uch yilda malakasi oshiriladi. Buning ahamiyati shundaki, korrupsiyaviy xavflar ham, ulardan himoyalanish mexanizmlari ham doimiy ravishda o‘zgarib boradi. Shu bois, sud xodimining kasbiy kompetensiyasi kabi uning halollik va komplayens kompetensiyasi ham uzluksiz rivojlantirilishi lozim.
Umuman, farmon bilan sud tizimida halollikni ta’minlashning yaxlit ekotizimi shakllantirilmoqda. Bunda korrupsiyaviy xavf aniqlanadi, baholanadi, oldi olinadi, raqamli vositalar orqali nazorat qilinadi.
Bu islohotlar natijasida sud tizimida korrupsiyaviy xavflar sodir bo‘lishidan oldin aniqlanadi, manfaatlar to‘qnashuvini yashirish imkoniyatlari qisqaradi. Sud apparatiga kadrlarni tanlashda sub’ektivlik va tanish-bilishchilik xavfi kamayadi. Sudya va xodimlarning halollik, etika va korrupsiyaga qarshi immuniteti kuchayadi. Eng muhimi, fuqarolarning sudga murojaat qilganda adolat qaror topishiga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.