Sudya va yoshlar uchrashuvi
“Yoshlar kuni” munosabati bilan Qashqadaryo viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tashabbusi bilan Qarshi davlat universitetida “Sudya va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuvni Qashqadaryo viloyat sudi raisi o‘rinbosari Kamol Namozov kirish so‘zi bilan ochib, jamiyatda yoshlarga va xotin-qizlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, Prezidentimiz tomonidan mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida yoshlar va xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi hamda bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish borasida qilinayotgan imkoniyatlar xususida to‘xtaldi.

Shundan so‘ng viloyat sudi sudyasi S.Aqanov va O.Suyunovlar so‘zga chiqib, “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmon mazmun-mohiyati, maqsadi, erta turmushning oldini olish, tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga qarshi ko‘rashish haqida ma’ruza qildi.

Shuningdek, uchrashuvda Qashqadaryo viloyati IIB o‘rinbosari Z.Rustamova ma’ruza qilib, xotin-qizlarga qilingan tazyiq va zo‘ravonlik, uning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida to‘xtaldi.

Ochiq va samimiy ruhda tashkil etilgan uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi va tadbir yakunida "Farzand omonat" va "Ota" hujjatli filmi namoyish etildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA