Sudlarda “yagona darcha” tizimi joriy etiladi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida sud-huquq sohasidagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib, endilikda sudlar faoliyatiga “yagona darcha” tartibi joriy etilishi bilan bog‘liq tashabbusni ilgari surgan edi. Jumladan, bundan buyon ish fuqarolik, iqtisodiy yoki ma’muriy sudga taalluqli bo‘lishidan qat’i nazar, ariza “yagona darcha” asosida qabul qilinishi, bu orqali fuqaro va tadbirkorlarning eshikma-eshik sarson bo‘lishiga chek qo‘yishi ta’kidlangandi.
Respublika Oliy sudi tomonidan ushbu masalaga doir loyiha ishlab chiqilib, ayni paytda sudyalar, advokatlar hamda keng jamoatchilikka havola etish, fikr-mulohazalarni umumlashtirish jarayonlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyat sudida Oliy sud raisi o‘rinbosari B.Isakov, viloyat sudi raisi O.Hayitov, viloyat sudi jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy sudlov hay’atlari raislari va sudyalari, huquqshunoslar, tadbirkorlar va advokatlar ishtirokida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda ham mazkur loyiha muhokama etildi.
– Sud-huquq islohotlari jarayonida fuqarolarga qulaylik yaratish, sudlarga murojaat qilishda ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda, – dedi Oliy sud raisi o‘rinbosari B.Isakov. – 2021 yildan boshlab jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha viloyat sudlari birlashtirilib, bitta viloyat sudi sifatida ish boshladi. Tumanlarda ham sudlar bitta binoda faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu tajriba Toyloq tumani misolida o‘zini to‘la oqladi, desak xato bo‘lmaydi. Sudga murojaat qilmoqchi bo‘lgan fuqaro eshikma-eshik ovora bo‘lib yurmaydi, masalasi shu yerning o‘zida tegishli sud orqali hal etilmoqda. Endilikda fuqaro, korxona va tashkilot huquqshunosi tushunmasdan yoki bilim tajribasi yetmay da’vo arizasini taalluqli bo‘lmagan sudga taqdim qilsa, sud “bu ish bizning vakolatimizga kirmaydi” deb qabul qilishni rad etmasdan da’vo arizani taalluqli bo‘lgan sudga o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborish chorasini ko‘rishi lozim.
Yig‘ilishda sudyalar, huquqshunos va advokatlar loyiha yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Xuddi shunday yig‘ilish Tayloq tuman hokimligida mahallalar faollari, mahallada faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan hokim yordamchilari, korxona va tashkilotlarning huquqshunoslari, tuman adliya bo‘limi va yuridik xizmat markazi xodimlari ishtirokida o‘tkazildi.
G‘.HASANOV, O‘zA