Sudlar va MIB hamkorligi mustahkamlanadi
Sirdaryo viloyat sudi, Ma’muriy sudi va Majburiy ijro byurosi hamkorligida sud qarorlari ijrosini ta’minlash samaradorligini yanada oshirish masalalariga bag‘ishlab seminar o‘tkazildi.
Viloyat sudining sudlov hay’atlari, tuman va shahar, tumanlararo sudlar raislari ishtirok etgan tadbirda Oliy sud va Majburiy ijro byurosi tomonidan tasdiqlangan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida” gi qonunning tegishli moddalariga asosan ijro hujjatlarining amaldagi ijrosini ta’minlash haqidagi qo‘shma ko‘rsatma hamda unda belgilangan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqotda ijroga yuborilgan sud hujjatlarining MIB tuman bo‘limlari tomonidan qaytarilishi yoki ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamaslik sabablari va elektron baza bo‘yicha ayrim tushunmovchiliklarga oydinlik kiritildi. Shuningdek, mavzu yuzasidan bildirilgan takliflar inobatga olinib, ijro samaradorligini oshirish, ish sifatini yaxshilash maqsadida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda sud qarorlari ijrosining vaqtida ta’minlanishiga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklarni qonun doirasida bartaraf etish zarurligi qayd etildi.
Seminar yakuniga ko‘ra, endilikda viloyatda sud va MIB o‘rtasida o‘zaro muloqotni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida mahallabay ishlash tizimi tashkil etiladigan va bunda hududiy sudlar hamda tuman, shahar majburiy ijro bo‘limlarining hamkorligi amalda mustahkamlanadigan bo‘ldi. Ya’ni fuqarolarning qo‘lidagi sud hujjatlarining ijrosi bilan bog‘liq biror masala yuzaga kelsa, hududiy sudlar negizidagi ishchi guruhi tomonidan ijro varaqasi nazoratga olinadi. Shunda har bir sud hujjatlarining o‘z vaqtida ijrosi ta’minlanishiga erishiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri