Sudlar faoliyatini yoritish masalasida seminar-trening
Farg‘ona shahrida sudlar faoliyatini yoritish masalalari bo‘yicha jurnalist va blogerlar uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Seminarda soha vakillarining “Sud organlarining OAV va jamoatchilik bilan muloqot olib borishining huquqiy asoslari”, “Axborot tarqatishda shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish hamda javobgarlik masalalari”, “Sud ishlariga oid materiallarni tayyorlashning muhim jihatlari” mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.
Seminar davomida bugungi kunda OAV va sudlarning o‘zaro hamkorligi, yopiq va ochiq sudlar va ularda jurnalist va blogerlarning ishtirok etish tartibi masalalarida so‘z bordi. Shu bilan birga, ko‘pchilikni qiziqtirgan sudda ishtirok etish uchun chaqirilgan ishtirokchilar, OAV vakillari hamda blogerlarning soatlab kutish holatlariga oydinlik kiritildi.
Cyeminarda jurnalist va blogerlar huquqiy mavzudagi materiallarni yoritishda inson sha’ni, qadr-qimmati va shaxsiy hayot daxlsizligiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishlari zarurligi ta’kidlandi. Afsuski, bugungi kunda soha vakillari tomonidan mazkur tartib-qoidaga rioya qilmaslik, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda insonlarning roziligisiz shaxsiy hayotiga tegishli ma’lumotlarning berilishi jamoatchilikda turli munosabatlar shakllanishiga olib kelmoqda.
Mutaxassislar tomonidan axborotni uzatayotganda inson sha’ni va ishchanlik obro‘siga putur yetkazmaslik uchun so‘zlardan ehtiyotkorona foydalanish, sud-huquq tizimiga oid terminlarni to‘g‘ri qo‘llash va boshqa masalalar yuzasidan zarur tushunchalar berildi.
O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti dotsenti Beruniy Alimov tomonidan ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, “Shov-shuvli ish bo‘yicha sud majlisining OAVda yoritilishi ” mavzusida simulyatsion o‘yin o‘tkazildi.
Seminar-treningni jinoiy, iqtisodiy ma’muriy sudlar sudyalari ishtirokida sud va OAV o‘rtasidagi muammoli masalalarga bag‘ishlangan savol-javob asosidagi muloqot yakunladi.
[gallery-3038]
Muqimjon QODIROV (surat) ,O‘zA