Sud xodimlari yangi binoda ish boshladi
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi “Totuvli” mahallasida Jinoyat ishlari boʻyicha Denov tumani va tuman maʼmuriy sudining ikki qavatli yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi “Totuvli” mahallasida Jinoyat ishlari boʻyicha Denov tumani va tuman maʼmuriy sudining ikki qavatli yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz arafasida ish boshlagan yangi binoning tantanali ochilish marosimida Jinoyat ishlari boʻyicha viloyat, tuman sudlari hamda maʼmuriy sudlar raislari, sudyalar, huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov konferensaloqa shaklidagi tadbirda Buxoro viloyatida yangi ishga tushirilgan sud binosida turib, Denov tumanidagi ikki qavatli zamonaviy inshootning foydalanishga topshirilishi bilan barchani qutladi. Prezidentimiz tomonidan sudlarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor odil sudlovni amalga oshirishda muhim omil boʻlayotganini alohida taʼkidlab, mazkur binoning sudyalik faoliyatini amalga oshirishida adolatli qarorlar qabul qilishiga omad tiladi. Shuningdek, yangi binoning ochilishida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti direktori B.Teshaboyev, Oʻzbekiston Qahramoni, Denov tumanidagi “Lochin” fermer xoʻjaligi rahbari A.Narzullayev va boshqalar mamlakatimizda sudlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar tom maʼnoda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini, sudlarning ochiqlik va shaffofligini taʼminlashda yuksak samaralar berayotganini eʼtirof etdi.
– Sud-huquq tizimida uzoq yillar mehnat qilib, qarilik nafaqasiga chiqdim, – deydi faxriy sudya I.Qalqonov. – Bizning davrimizda sudlarga bunday eʼtibor ham, sharoit ham yoʻq edi. Ayniqsa, keyingi uch yilda koʻrsatilayotgan eʼtibordan nafaqat dilingiz balki koʻzingiz ham quvnaydi. Sudyalar uchun barcha zamonaviy qulayliklarga ega shunday koʻrkam binolar qurib berilmoqda. Sudlar xizmat mashinalari bilan taʼminlanayotir. Bularning barchasi sud faoliyatining ochiqligini taʼminlab, xalqimizning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.
“Xoʻja–M” xususiy firmasi tomonidan 4 milliard 881 million soʻmdan ortiq mablagʻ evaziga qurilgan binoda sud xodimlari uchun ham, fuqarolar uchun ham barcha zamonaviy sharoit mavjud. Alohida sud qabulxonasi barpo etilib, fuqarolarning kutib turishi va ularni qabul qilish uchun yetarli qulaylik yaratilgan. Xususan, fuqarolar va arizalarni qabul qilish, ona va bola, tibbiyot xonalari aholi xizmatida. Bundan tashqari, videokonferensaloqa tizimi orqali sud protsesslarini “onlayn” tarzda koʻrish imkoniyati bor. Qabulxonaga emin-erkin kirib chiqish ham eʼtiborga olingan. Bu yerda oʻrnatilgan maxsus monitor orqali fuqarolar sud ishini qaysi sudya koʻrib chiqishi va sud majlisining boshlanish vaqti bilan “onlayn” tanishib olishi mumkin.
Binoning birinchi qavatida sud ishida ishtirok etadigan prokuror, advokat uchun alohida keng yorugʻ xonalar bunyod etilib, jihozlangan. Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudining sud zalida sudlanuvchilar uchun zirxli oynavand xona joylashgan. Garderob va maslahatxonalar, sud raislari, sudyalar va ularning yordamchilari uchun alohida xonalar qurilgan.
– Yangi binoda mavjud bunday sharoitlar ish sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, – deydi Denov tumani maʼmuriy sudi raisi O.Eronqulov. – Zamonaviy sud zallariga soʻnggi rusumdagi “videokonferensaloqa rejimi”da sud majlisi oʻtkazish uskunalari oʻrnatilgan. Bu sud protsessi ishtirokchilarini tumanimizdan boshqa hududdagi sudlarga ortiqcha pul mablagʻi hamda qimmatli vaqtini sarflab qatnab yurishiga chek qoʻyadi. Shuningdek, arxiv hujjatlarining xavfsizlik darajasini taʼminlaydigan arxiv xonasi ham barpo etilgan. Zamonaviy lokal aloqa tarmogʻi va optik tolaga ulangan server xonasi, yangi isitish va sovutish tizimlari, videokuzatuv, yongʻinga qarshi kurashish va qoʻriqlash xavfsizlik tizimlari, xizmat avtotransportlari uchun maxsus toʻxtash joyi, shinam oshxona bunyod etilgani oʻz vazifamizga munosabatni oshirmoqda.
Tadbir doirasida qator tuman va tumanlararo sudlariga 8 ta yangi xizmat avtomashinasi topshirildi.


