Sud jarayonini yoritishda nimalarga e’tibor berish kerak?
Qarshi shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot Dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida sudlar faoliyatini yoritish masalalari bo‘yicha jurnalist va blogerlar uchun o‘quv seminar-trening o‘tkazildi.
Unda mahalliy axborot agentliklari, teleradiokanallar, axborot portallari, davriy bosma nashrlar vakillari hamda sud-huquq faoliyatini yorituvchi blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda sud organlarining jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi va sudlar faoliyati yuzasidan doimiy ravishda matbuot anjumani va brifinglar, ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.

Bu galgi trening Oliy sud Plenumining 2020 yil 21 fevraldagi «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida»gi qarorining mazmun-mohiyati, sudlar faoliyatini yoritishdagi o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlandi. Ushbu hujjatda OAV vakillari va jamoatchilikning sud majlislarida ishtirok etishi qoidalari aniq belgilab qo‘yilgan. Sud ruxsati va tomonlar fikri inobatga olingan holda sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish tartibiga ham aniqlik kiritildi.

Endilikda ochiq ko‘rilayotgan sud ishiga protsess ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslar, shu jumladan OAV vakillariga ham sud majlisida qatnashish imkoniyati yaratildi. Qonunda ko‘rsatilmagan holatlarda esa matbuot xodimlarining sud majlisiga kiritilmasligiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Trening davomida sud organlarining OAV va jamoatchilik bilan muloqot olib borishining huquqiy asoslari, axborot tarqatishda shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish hamda javobgarlik masalalari, sud ishlariga doir materiallarni tayyorlashning muhim jihatlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.

Shu bilan birga, guruhlarga bo‘lingan holda rezonans sud ishini yoritish bo‘yicha simulyatsion o‘yin tashkillashtirildi va sud jarayonini modellashtirish borasida fikr almashildi.
- Seminar trening biz jurnalistlar uchun nihoyatda ahamiyatli bo‘ldi, - deydi jurnalist Shavkat Aminov. – Boisi faoliyatimiz davomida sud jarayonlarini yoritish bilan bog‘liq ko‘plab holatlarga duch kelamiz va bu borada yig‘ilib qolgan ko‘plab savollar bor edi. Tadbir davomida soha vakillaridan sud jarayonlarini yoritish bo‘yicha tartib tamoyillar xususida yetarlicha ma’lumotlarni bilib oldik va bu bizning keyingi faoliyatimizda asqotadi. Bu kabi seminar-treninglarning muntazam tashkillashtirilishi mazkur yo‘nalishda qalam tebratuvchi OAV vakillarining huquqiy savodxonligi oshishiga xizmat qiladi va ular uchun ko‘plab imkoniyatlarni yaratadi, shuningdek yoritishda shaffoflik ta’minlanadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA