Sud-huquq tizimi: islohotlar samarasi
Jizzax viloyat sudida Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini amalga o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish mavzusida jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjuman mamlakatimizda o‘tgan 5 yil mobaynida sud hokimiyatining fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi roli va ahamiyatini oshirish borasida tarixiy islohotlar amalga oshirilgani, asosiy vazifasi ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, fuqarolar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘lgan ma’muriy sudlarning tashkil qilinishi va mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar sud-huquq tizimini yangi bosqichga olib chiqqanligi alohida ta’kidlandi.
Mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi farmoni bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi.
Ushbu hujjatda davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida ma’muriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmini takomillashtirish orqali sud nazoratini qo‘llash sohasini kengaytirishga alohida e’tibor berilgani qayd etildi.
– bugungi kunda fuqarolar davlat organlari mansabdor shaxslarining qarorlari va xatti-harakatlaridan (yoki harakatsizligi) norozi bo‘lgan taqdirda buzilgan huquqlarini tiklash uchun ma’muriy sudlarga ariza bilan murojaat qilmoqda, – deydi Jizzax viloyati ma’muriy sudi raisi vazifasini bajaruvchi Sharofiddin Boliyev. – Xususan, joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida tumanlararo ma’muriy sudi ish yurituviga kelib tushgan ommaviy huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq ishlardan 438 ta (o‘tgan yilning shu davrida 407 ta) ariza bo‘yicha ishlar ko‘rib tamomlangan. Shundan 230 tasi qanoatlantirilgan, 166 tasi rad qilingan, 25 ta ish tugatilgan, 17 ta ish ko‘rmasdan qoldirilgan.
Bundan tashqari, tumanlararo ma’muriy sudi ish yurituviga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun 179 ta xususiy ajrimlar kiritilgan. Jizzax viloyati ma’muriy sudi Rayosati yig‘ilishida 2022 yilning 9 oyi davomida jami 21 ta majlisda 22 ta masala muhokama etilgan.
Tadbirda Prezidentimizning 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoniga asosan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilgani, ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlari tashkil etilgani haqida atroflicha axborot berildi.
Matbuot anjumani yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA