Sud-huquq: sarhisob va rejalar
Jizzax viloyat adliya boshqarmasi, viloyat sudlari hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalari viloyat boshqarmasi hamkorligida Prezidentimizning “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Sudga murojaat qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi va fuqarolik protsessiga soddalashtirilgan ish yuritish tartibi joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda jinoyatlarni jilovlash, jinoyatchilik profilaktikasini yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyadan holi hududga aylantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi doirasida sudlar faoliyatining ochiqligi, oshkoraligi va shaffofligini oshirish, sudlar faoliyati bilan jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish mavzusiga ham alohida urg‘u berildi.
Tadbirda yuqoridagi farmon va qonunning mazmun-mohiyati xususida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berildi.
Mamlakatimizda so‘nggi to‘rt yarim yil davomida sud-huquq sohasida dunyo hamjamiyati tan olayotgan qator islohotlar amalga oshirilganligi, ayniqsa, sudyalarning mustaqilligini ta’minlash va mavjud bo‘lgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan ko‘plab normativ hujjatlar qabul qilinganligi qayd etildi.
[gallery-4148]
– Joriy yil 8 oyini sarhisob qilar ekanmiz, bunda amalga oshirilgan islohotlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi sud tizimida tub burilish yasalib, yangi bosqichga ko‘tarilganligi, bu bilan fuqarolar va yuridik shaxslarning odil sudlovga erishishda keng imkoniyatlar yaratilganligini ko‘rish mumkin, – deydi Jizzax viloyat sudi raisining o‘rinbosari, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi A.Shukurov. – Amalga oshirilgan islohotlar natijasida bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining nazorat instansiyasi tugatilib, ishlarni kassatsiya tartibida ko‘rish vakolati o‘tkazilishi bilan birga, har bir kassatsiya shikoyati sudlov hay’ati tomonidan sud majlisida ko‘rilib, qaror qabul qilinishi tartibi joriy etilgan.
Sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish orqali sohaning ochiqligi, shaffofligi, tezkorligini ta’minlash maqsadida Oliy sudning interaktiv xizmatlar portali “mysud.uz” sayti joriy qilingan. Ushbu portalda fuqarolar va tadbirkorlar bevosita sud binosiga kelmasdan, masofdan turib, onlayn tarzda bir qator xizmatlardan foydalanishi mumkin.
Fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarning boshqa nizolardan farqini tushunish – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar haqida jamiyatda fikr shakllanishida katta ahamiyat kasb etadi. Fuqarolik ishlarini ko‘rishning alohida jihati sud protsessida o‘zini haqman, deb hisoblovchi ikki taraf ishtirok etib, ular ko‘p hollarda nizoga qonuniylik nuqtai nazaridan emas, balki hissiyot bilan yondashadi.
Lekin bunday huquqiy nizolarda qarorlar kimningdir zarariga, kimningdir esa foydasiga chiqadi, bu tabiiy holat, chunki qarorni har ikkala tarafning foydasiga chiqarishning imkoniyati yo‘q.
Anjumanda viloyat sudining jinoyat ishlari sudlov hay’ati raisi R.Orziqulov, viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi J.Qahhorov hamda viloyat ma’muriy sudi sudyasi Sh.Boliyev ham sud tizimidagi amalga oshirilgan islohotlarga atroflicha to‘xtalib, yangiliklar haqida ma’lumotlar berdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA