Sud himoyasi imkoniyati oshadi
Sudyalar oldiga xalq bilan muloqot qilish, joylarga borib odamlar dardiga quloq tutish, manfaatlarini himoya qilish topshirildi.
Prezidentimizning 2020-yil 24-iyulda “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi farmoni eʼlon qilindi.
OʻzA muxbiri Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon KOMILOV bilan mazkur farmon mazmun-mohiyati va tizimda kutilayotgan oʻzgarishlar xususida suhbatlashdi.
– Yangi farmon sud tizimiga oid tarixiy qadam boʻldi, desak toʻgʻri boʻladi. Butun dunyoda boʻlganidek mamlakatimizda ham sudlarning mustaqil, xolis va adolatli faoliyat yuritishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Farmon ahamiyati haqida fikr bildirishdan oldin sohaga oid islohotlarga toʻxtalib oʻtsam.
Prezidentimiz rahbarligida cud tizimida muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi. Avvalo, yagona sud amaliyoti shakllantirildi. Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda oshkora va muqobil tanlov tizimi yaratildi. Sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi.
Sudyalar oldiga xalq bilan muloqot qilish, joylarga borib odamlar dardiga quloq tutish, manfaatlarini himoya qilish topshirildi.
Toʻgʻrisi, oʻsha paytda vaziyat ancha ogʻir edi. Oʻsha kezlarda viloyatlarda oʻtkazilgan qabullarda jamiyatda adolatsizlik illati paydo boʻlgani ayon boʻldi. Yashirishning hojati yoʻq, oʻsha paytda sudlar jamiyatdan uzilib qolgan, odamlarning sudyaga nisbatan ishonchi yoʻqolgan edi.
Davlatimiz rahbari shularni hisobga olib, sudlar oldiga odamlarning huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilib, ularning ishonchini qozonish, jamiyatda qonun ustuvorligi va adolatni taʼminlash vazifasini qatʼiy qoʻydi.
Buning amaliy ijrosi sifatida sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash yoʻlida muhim choralar koʻrildi. Joylarda sayyor qabullar oʻtkazish muntazam yoʻlga qoʻyildi, sud raislari va ularning oʻrinbosarlari ishtirokida brifinglar oʻtkazish qatʼiy qoidaga aylandi.
Ayniqsa, ommaviy axborot vositalari bilan mustahkam hamkorlik oʻrnatildi. Ilgari sud majlislariga kiritilmagan jurnalist, bloger va keng jamoatchilik uchun eshiklarimiz ochildi. Aynan ommaviy axborot vositalarining sudlarga ishtiroki tartibini belgilovchi Oliy sud plenumi qarori qabul qilindi.
Bu jarayonda qonunchilik asoslarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha farmon hamda dalillar maqbulligiga oid qonunning qabul qilingani odamlarning dardiga malham boʻldi. Bu islohotlar nohaqlik tufayli umidini yoʻqotgan koʻplab taqdirlar va oilalarga katta ishonch bagʻishladi.
Natijada sudlar tomonidan keyingi yillarda 2 ming 273 fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, jinoyat yoʻliga bilib-bilmay kirgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarni mahalla va jamoatchilik kafilligiga olgani uchun ularga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanilmadi. Inson huquqlarini qoʻpol ravishda buzganligi uchun huquq-tartibot idoralarining 60 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortildi.
Yangi farmon bilan esa inson manfaatlariga qaratilgan bunday ezgu ishlar salmogʻi yana-da koʻpayadi.
– Farmonga koʻra, 2021-yil 1-yanvardan viloyat fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi. Ayting-chi, bunga qanday zaruriyat bor edi?
– Bu fuqarolarning sudga murojaat qilishdagi ayrim toʻsiqlarni bartaraf etish bilan bogʻliq. Aniqroq aytganda, viloyat sudlarining amaldagi tuzilmasi bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqdaki, bu sudning mustaqilligi, odil sudlov sifati va samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Xoʻsh, bu muammolar nimalardan iborat? Birinchidan, har bir viloyatda jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy sudlarning alohida-alohida faoliyat yuritishi, bir-biridan mustaqil ish koʻrishi fuqarolar va tadbirkorlarning u suddan bu sudga qatnab sarson boʻlishiga sabab boʻlmoqda. Bu, oʻz navbatida, joylarda turli xil noroziliklarni keltirib chiqaryapti.
Bu fikrimning isboti tariqasida 2019-yilning oʻzida 58 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkorlar sudlardagi ovoragarchiliklarga nisbatan oʻz eʼtirozini bildirganini aytib oʻtishim kerak.
Ikkinchidan, alohida sudlar mavjudligi yagona sud amaliyotini shakllantirishga toʻsqinlik qilmoqda. Masalan, qonun normalari sudlar tomonidan turli xil talqin etilmoqda. Bu, oʻz navbatida, sud qarorlari sifatiga taʼsir qilayotir. Oqibatda fuqarolarning huquqlarini qonuniy muddatlarda taʼminlash tamoyili buzilmoqda.
Uchinchidan, oʻrta boʻgʻin umumiy yurisdiksiya sudlarining alohida faoliyat yuritishi xalqaro standartlar talabiga ham javob bermaydi.
Xorijiy davlatlarning bu boradagi tajribasiga eʼtibor qaratsak, Fransiya, Italiya, Kanada, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Belarus va boshqa davlatlarda oʻrta boʻgʻin umumyurisdiksiya sudlari fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar boʻyicha yagona sud sifatida muvaffaqiyat bilan faoliyat yuritib kelayotganini koʻrish mumkin.
Qisqasi, farmonga koʻra, joriy etiladigan sudlar yangi tuzilmasida bitta rais va uning jinoyat, fuqarolik hamda iqtisodiy ishlar boʻyicha qatʼiy ixtisoslashgan oʻrinbosari boʻladi. Bu sudlarning boshqaruv tizimini takomillashtiradi, fuqarolarning muammosi shu viloyatning oʻzida hal boʻladi.
Ishonchim komilki, farmonda belgilangan bu vazifaning hayotga toʻlaqonli joriy etilishi tez orada kutilgan natijasini beradi.
– Maʼmuriy odil sudlov tizimini yaratish qanday natija beradi?
– Farmoniga koʻra, 2021-yil 1-yanvardan tuman (shahar) maʼmuriy sudlari negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlar tashkil etiladi. Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkaziladi.
Bunda Oliy sud maʼmuriy sudlov ishlarini yuritish boʻyicha oliy instansiya hisoblanadi va Oliy sud tarkibida raisning birinchi oʻrinbosari rahbarligidagi maʼmuriy ishlar boʻyicha hayʼat faoliyat yuritadi.
Maʼlumki, butun dunyoda maʼmuriy sudlar sud tizimida oʻta muhim oʻrin tutadi. Chunki maʼmuriy sudlar faoliyati mohiyat-eʼtibori bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, mahalliy hokimliklarning faoliyatida qonuniylikni taʼminlash, ularning noqonuniy qarorlarini haqiqiy emas, deb topish orqali fuqaro va tadbirkorlarning huquqlarini oʻz vaqtida hamda samarali tiklashga qaratilgan.
Misol uchun, maʼmuriy sudlar tomonidan 2019-yil va 2020-yilning olti oyida hokimlarning 1909 qarori haqiqiy emas, deb topildi.
Bundan koʻrinadiki, shuncha noqonuniy qarorlar bekor boʻlishi bilan joylarda adolat tiklangan.
Maʼmuriy sudlar tomonidan amalga oshirilayotgan bunday ijobiy ishlarni yana koʻplab keltirish mumkin. Demak, bundan uch yil muqaddam shaxsan Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda maʼmuriy sudlarning tashkil etilishi amalda oʻzini toʻliq oqladi.
Ammo bu tizim ham ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda takomillashtirib borishni taqozo qiladi.
Chunki maʼmuriy sudlar faoliyatida muammolar yoʻq emas. Birinchidan, tuman miqyosida maʼmuriy sudlar mustaqil faoliyat yuritishida turli xil qiyinchiliklarga duch kelmoqda; ikkinchidan, ommaviy-huquqiy nizolarni koʻrishga ixtisoslashgan maʼmuriy sudlarga tabiatiga koʻra bir-biriga zid boʻlgan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni koʻrish ham yuklatilgan.
Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish vakolatining jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga olib berilishi juda toʻgʻri va adolatli boʻladi. Chunki jinoyat ishlari boʻyicha sudlar sudyalari doimiy ravishda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib kelgan. Yana shu tartib joriy etilishi jinoyatchilik boʻyicha haqiqiy holatni toʻgʻri baholashga imkon beradi.
BMT rivojlanish dasturi, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) va Nagoya universiteti ekspertlari Oʻzbekistonda maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlar maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazilishi va maʼmuriy sudlarni mustaqil sud sifatida saqlab qolishni toʻgʻri qaror, deb baholagan.
– “Bir sud – bir instansiya” tamoyili qanday afzalliklarga ega?
– Bu tamoyil xalqaro tajribada sinalgan, umumeʼtirof etilgan dunyoda eng maqbul sud tizimi hisoblanadi. Bu tamoyilga koʻra, sud ish yurituviga kelib tushgan har qanday ish uch bosqichda yakuniga yetadi.
Buni soddaroq tarzda tushuntiradigan boʻlsam, birinchi bosqich –tumanlararo, tuman (shahar) sudlari. Ikkinchi bosqich – apellyatsiya (viloyat sudlari). Uchinchi bosqich – kassatsiya (Oliy sud).
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan ana shu uch bosqichda har qanday ish oʻzining qonuniy yechimini topadi. Bu yangilikning joriy etilishi natijasida xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning eʼtiroziga sabab boʻlayotgan, eskilik sarqiti boʻlgan, oʻz nomi bilan odil sudlovning mazmun-mohiyatiga mutlaqo toʻgʻri kelmaydigan nazorat tartibida ishlarni koʻrish amaliyotidan toʻliq voz kechiladi.
Shu oʻrinda, Prezidentimizning sudyalarning adolatli qaror qabul qilishga taʼsir oʻtkazuvchi barcha omillarni, jumladan, Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ular oʻrinbosarlarining sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida protest keltirish huquqini bekor qilish toʻgʻrisidagi taklifi ham juda toʻgʻri.
Prokurorning ayrim huquqlari cheklanmoqda. Endilikda prokuror sudning hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi va qarori boʻyicha ishlarni faqat ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaat etgan taqdirda, suddan chaqirib olib oʻrganishi mumkin boʻladi. Boshqa hollarda prokuror ishlarni chaqirib olishga haqli emas.
Prokurorning fuqarolik va iqtisodiy ishlarni koʻrishdagi ishtiroki ham qatʼiy chegaralanadi.
Joriy etilayotgan yana bir yangilik – jinoyat ishini koʻrishda dastlabki eshituv bosqichining kiritilishi jinoyat ishining koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qiladigan omillarni tez aniqlash va bartaraf etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyili asosida taraflar ishtirokida qabul qilish tartibining belgilanishi ham odil sudlov odamlarning koʻz oʻngida, ochiq-oshkora, shaffof tarzda amalga oshirilishiga va adolat qaror topishiga xizmat qiladi.
– Farmonda Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni va raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha alohida sudlov tarkibi tuzish belgilangan. Bu sudlov hayʼatining maqsad va vazifalari nimalardan iborat?
– Bu juda katta yangilik hisoblanadi. Chunki ilgari bizda bunday sudlov tarkibi boʻlmagan. Investorlarning huquq va manfaatlarini kafolatli himoya qilish, ularning ishonchini mustahkamlash maqsadida shunday maxsus sudlov tarkibi shakllantirilishi mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini oshirishi shubhasiz.
Demak, Oliy sud tizimida ixtisoslashtirilgan Sudlov tarkibi tashkil etiladi va uning zimmasiga yirik investorlarning (20 million dollardan koʻp investitsiya kiritgan) va davlat organlari oʻrtasidagi investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish vazifasi yuklatiladi.
Bunda quyidagi tartib oʻrnatiladi: yirik investorlar oʻz xohishiga koʻra, bevosita Oliy sud sudlov tarkibga yoki umumiy tartibda viloyat sudlariga murojaat qilish huquqiga ega boʻladi.
Bunday sudlov tarkibning tashkil etilishi investorlar turli sud instansiyalari oʻrtasida 5-6 oylab sarson boʻlib yurishining oldini oladi. Chunki endilikda ularning barcha muammolari bitta sud doirasida hal qilinishi taʼminlanadi.
– Sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yana-da joriy etish boʻyicha Dastur loyihasi ishlab chiqilishidan maqsad nima?
– Maʼlumki, sudlar faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalarni keng joriy etish sudlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, fuqarolarning sudlarga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirishda oʻta muhim oʻrin tutadi.
Ammo bu borada oʻz yechimini kutib turgan bir qator muammolar mavjud. Shu bois farmon talabidan kelib chiqib, sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yana-da kengroq joriy etish boʻyicha maxsus Dastur ishlab chiqilmoqda. Unga koʻra, joriy yil yakuniga qadar sudlar faoliyatida “Adolat” axborot tizimlari kompleksi joriy etiladi.
Tizim orqali davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, advokatlik tuzilmalari hamda advokatlar sudlarga faqat elektron shaklda murojaat qilish imkoni yaratiladi.
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari jinoyat ishlari boʻyicha va maʼmuriy sudlarga axborot tizimi orqali elektron murojaat qiladi. Murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatib borish mumkin boʻladi.
Sudlar tomonidan taraflarga maʼlumotlar elektron shaklda yuboriladi. Apellyatsiya instansiya sudlarida ishlarni avtomatik ravishda taqsimlash imkoniyati yaratiladi.
Joriy yil yakuniga qadar barcha sudlarda sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda majburiy qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda yuritish tartibi joriy etiladi.
Sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dastur ishlab chiqiladi. Bunda ishtirokchilar oʻzlari xohlagan joydan turib videokonferensaloqa rejimining mobil versiyasidan foydalangan holda sud majlislarida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.
Sudlar faoliyatida sunʼiy intellektdan foydalanish tartibi joriy etiladi. 2021-yil 1-aprelga qadar Oliy sud axborot bazasi 15 vazirlik va davlat idorasi axborot tizimlariga integratsiya qilinishi orqali maʼlumotlar almashinuvi yuz foiz raqamlashtiriladi.
Videokonferensaloqa rejimi orqali jazoni ijro etish muassasalarida joylashgan shaxslarni bevosita ular joylashgan joydan turib sud majlislarida, shuningdek, sud rahbariyatining shaxsiy qabullarida ishtirokini taʼminlash tizimi yaratiladi.
Oliy sudning my.sud.uz interaktiv xizmatlar portalida “Sud xabarnomasi” xizmati joriy qilinadi. Bunda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga sud xabarnomalarini inson omilisiz olish imkoniyati yaratiladi.
Maʼmuriy sudlarda maʼmuriy huquqbuzarlikka oid koʻriladigan ishlar elektron koʻrinishda shakllantiriladi.
Ishtirok etuvchi shaxslarga sud hujjatlarini elektron shaklda, shuningdek “SMS“ xabar hamda elektron pochta manziliga yuborish orqali ularni xabardor qilish tizimini yaratiladi.
Axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlash haqidagi sud hukmlari va uning ijrosiga doir maʼlumotlar elektron shaklda almashiladi. Sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar tomonidan jazoni ijro etish muassasasining axborot tizimi orqali sudlarga elektron shaklda murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
– Farmonda ayrim tuman sudlari tugatilib, ayrim tumanlarda yangi sudlar tashkil qilinishi belgilangan. Shu haqda ham toʻxtalib oʻtsangiz.
– Sud tizimi tuzilmasi aholining talab va ehtiyojlari, shuningdek, sudlarning ish yuklamasi inobatga olingan holda takomillashtirilmoqda. Xususan, 2021-yil 1-yanvardan Amudaryo, Nurobod, Pastdargʻom va Boysun tuman iqtisodiy sudlari tugatilib, bu hududdagi iqtisodiy nizolarni koʻrish vazifasi yaqin tumanlardagi sudlar zimmasiga yuklatiladi.
Chunki ushbu tumanlarning aholisi soni nisbatan kam va iqtisodiy sudlarning ish yuklamasi ham unchalik yuqori emas. Masalan, Boysun tumani iqtisodiy sudi 2020-yil 6 oyi davomida 21 ish koʻrgan.
Aholi soni nisbatan koʻp boʻlgan hamda qoʻshni tuman sudlari uzoq masofada joylashgan Yangiyoʻl tumani, shahri, Urgut, Xatirchi, Paxtakor tumanlarida fuqarolik ishlari boʻyicha sudlari va Pastdargʻom tumanlararo iqtisodiy sudi tashkil etiladi.
Shuningdek, Soʻx tumani anklav boʻlgani, fuqarolarga chegaradan oʻtib, Rishton tumanidagi tumanlararo fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilish qiyinchilik tugʻdirayotgani inobatga olinib, tumanda fuqarolik ishlari boʻyicha sud tashkil etiladi.
Bundan tashqari, yangi tashkil etilgan Boʻzatov, Taxiatosh, Bandixon va Tuproqqalʼa tumanlarida ham jinoyat ishlari boʻyicha sudlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Umuman aytganda, Prezidentimizning ushbu tarixiy farmonida belgilangan muhim vazifalar mohiyat-eʼtibori bilan sud himoyasi imkoniyati oshishiga xizmat qiladi.