Strategiya loyihasida raqamli O‘zbekiston
Sharh
Shu kunlarda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan, yangilanayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida 451 ta maqsadli ko‘rsatkich ostida barcha sohalarga oid muhim vazifa va maqsadlar o‘z aksini topmoqda.
Xususan, bugungi zamon talabidan kelib chiqib, raqamlashtirish masalalariga ham alohida ustuvorlik berilmoqda. Jumladan, strategiya loyihasida davlat boshqaruvi va davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini to‘liq raqamlashtirish doirasida arxiv materiallarining raqamlashtirilgan ulushini 80 foizgacha oshirish, mavjud 40 million hujjatdan 25 millionini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, hokim va uning o‘rinbosarlari tomonidan qabul qilinadigan hujjatlarni, jumladan, kollegial organ sifatidagi qarorlar, xulosa, dalolatnoma va bayonnomalarni “E-qaror” elektron tizimi orqali ishlab chiqish va qabul qilish amaliyoti 100 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Xo‘sh, bugun raqamlashtirish masalalariga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganining sababi nimada? Yanada boyitilayotgan strategiyada bu borada yana qanday maqsadlar ko‘zda tutilmoqda?
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi Shahnoza Xolmaxamatova batafsil gapirib berdi:
— Inson tafakkuri o‘zgarsa, davlat ham o‘zgaradi. Agar fikrlash tezligi zamon sur’atiga mos kelmasa, eng zamonaviy binolar ham, eng chiroyli qarorlar ham hayotni yengillashtira olmaydi. Bugun dunyo aynan shu haqiqatni ochiq-oydin ko‘rsatmoqda.
Shu bois, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yangi tahririda raqamlashtirish masalasi alohida bir sohaning vazifasi sifatida emas, balki butun boshqaruv madaniyatini, inson bilan davlat o‘rtasidagi munosabatni tubdan o‘zgartirish vositasi sifatida qaralmoqda.
Kecha fuqaro oddiy bir masala uchun bir necha idoraga kirib chiqar, turli qog‘ozlar yig‘ar, vaqt va asab sarflar edi. Bugun esa davlatning o‘zi fuqaro haqidagi ma’lumotni elektron tizim orqali ko‘ra oladi. Yangi tahrirda aynan shu yondashuv mustahkamlanyapti: inson davlatga xizmat qilmaydi, davlat inson uchun ishlaydi. Masalan, bola tug‘ilganda yoki pensiya yoshiga yetganda, inson “qaysi idoraga borsam ekan”, deb o‘ylamaydi. Davlat raqamli tizimlar orqali bu holatni o‘zi “ko‘radi” va tegishli xizmatni taklif etadi. Bu esa raqamlashtirishning eng muhim mazmuni — davlatning inson hayotiga moslashuvi.
Qog‘ozdan raqamga o‘tish faqat qulaylik emas, balki adolat masalasidir. Qachonki, ma’lumot elektron tizimda bo‘lsa, uni yashirish, sun’iy to‘siq qo‘yish yoki “kelishib olish” imkoni keskin kamayadi. Shuning uchun strategiyada davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini to‘liq raqamlashtirish, fuqarodan bor ma’lumotni qayta-qayta so‘ramaslik qat’iy maqsad qilib qo‘yilgan. Bu o‘zgarishlar oddiy odam uchun “bir qog‘oz kamaydi” deganidek tuyulishi mumkin, aslida esa bu tizimli fikrlashning o‘zgarishidir.
O‘tgan vaqt mobaynida davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi natijasida o‘nlab turdagi ma’lumotnomalar talab qilish amaliyoti bekor qilindi. Yangilanayotgan strategiyada esa 20 milliondan ortiq arxiv hujjatlarini raqamlashtirish, davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashuvini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan.
Raqamlashtirish iqtisodiyotda ham yaqqol sezilyapti. Tadbirkor uchun eng qimmat narsa — vaqt. Elektron hisob-kitoblar, onlayn ro‘yxatdan o‘tish, masofaviy hisobotlar aynan shu vaqtni tejashga xizmat qilyapti. Yangi tahrirda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, IT sohasini eksportbop tarmoqqa aylantirish, sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahliliga asoslangan qarorlar qabul qilishga o‘tish ko‘zda tutilmoqda. Bu degani, iqtisodiy o‘sish endi ko‘proq inson zehni va texnologiyalar bilan ta’minlanadi.
Qishloq xo‘jaligida ham raqamli yondashuv inson mehnatini yengillashtirmoqda. Yer, suv, hosil haqidagi ma’lumotlar aniq bo‘lsa, qaror ham to‘g‘ri qabul qilinadi. Yangi strategiyada yer va suv resurslarini raqamli hisobga olishni kengaytirish orqali isrofni kamaytirish, natijadorlikni oshirish maqsad qilingan. Bu yerda ham asosiy g‘oya bir: ko‘r-ko‘rona ish emas, hisob-kitobli tafakkur.
Albatta, barcha islohotlar markazida inson turadi. Agar inson raqamli fikrlamasa, eng yaxshi tizim ham ishlamaydi. Shu bois, strategiya loyihasida yoshlarni IT sohasiga keng jalb qilish, raqamli savodxonlikni oshirish, davlat xizmatchilarining fikrlash tarzini yangilash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Bu texnik emas, ma’naviy islohot hamdir. Chunki, raqamlashtirish, avvalo, ongda boshlanadi.
Raqamli muhit ishonch talab qiladi. Shuning uchun shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari yangi tahrirda ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Inson o‘z ma’lumoti xavfsiz ekaniga ishonmasa, raqamli xizmatdan ham foydalanmaydi. Demak, ishonchni, avvalo, raqamli taraqqiyotning poydevori deyish mumkin.
Muxtasar aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yangi tahririda raqamlashtirishga berilgan e’tiborni faqat texnologiyalarga qaratilgan islohot deb qarash noto‘g‘ri bo‘ladi. Bu davlatning inson tafakkuriga moslashishga qaratilgan ongli tanlovidir. Davlat qanchalik raqamli bo‘lsa, inson shunchalik erkin fikrlaydi, o‘z haq-huquqini tezroq anglaydi va hayoti ustidan nazoratni qo‘liga oladi. Shuning uchun raqamlashtirish bugun qog‘ozni qisqartirish yoki xizmatni tezlashtirish bilan cheklanmaydi, balki u jamiyatning fikrlash uslubini yangilayapti. Ana shu yangilangan tafakkur esa O‘zbekistonni 2030 yilga nafaqat zamonaviy davlat, balki inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat sifatida olib borishga qodir kuchga aylanadi.
Muhtarama Komilova yozib oldi,
O‘zA