Stol tennisi: Osiyo chempionatining ramzi taqdim etildi
Joriy yilning 19–25-oktyabr kunlari poytaxtimiz Toshkent shahrida stol tennisi bo‘yicha 29-ITTF–ATTU qit’a chempionati bo‘lib o‘tadi.
Kuni kecha Osiyo stol tennisi federatsiyasi ushbu nufuzli musobaqaning ramzini e’lon qildi.
Toshi laqabli qor barsi “Osiyo stol tennisi chempionati — Toshkent 2026” musobaqasining rasmiy tumori sifatida taqdim etildi. U O‘zbekistonning noyob va muhofaza qilinadigan hayvonlaridan biri — qor barsi timsolida yaratilgan.

Qor barsi ilmiy adabiyotlarda irbis nomi bilan ham yuritiladi. Bu jonivor Markaziy Osiyoning osmono‘par tog‘larida, jumladan, O‘zbekistonning tog‘li hududlarida yashaydigan noyob jonzot hisoblanadi.
Qor barsi o‘zining kuchi, chaqqonligi, jasorati va chidamliligi bilan ajralib turadi. Qoyali va baland tog‘larda harakatlanishga moslashgan mushuksimonlar oilasiga mansub ushbu hayvon tabiatdagi muvozanatni saqlashda muhim o‘rin tutadi.
Ushbu ramz orqali O‘zbekistonning tabiiy boyliklari, milliy qadriyatlari va sportdagi kuch-g‘ayratini uyg‘unlashtirish maqsad qilingan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA