Stol tennisi borasidagi ulkan yutuqlar hali oldinda
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 15-19 sentyabr kunlari Qozog‘istonning Karaganda shahrida stol tennisi bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 30 ming dollar bo‘lgan “Kazakhstan International Open” xalqaro turniri bo‘lib o‘tadi.
Hozirda stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari mamlakatimiz stol tennisi federatsiyasi sport bazasida mazkur musobaqaga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ushbu musobaqaga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayoni, MDH o‘yinlarida stol tennischilarimiz nega ishtirok etmagani, Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar boy berilgani, Osiyo chempionatiga tayyorgarlik va mazkur sport turini yanada ommalashtirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan O‘zA muxbiri O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi Saida Mahmudova bilan suhbatlashdi.

– Avvalo, “Kazakhstan International Open” xalqaro turniriga tayyorgarlik va turli yoshdagi terma jamoalarimiz uchun tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Hozirda poytaxtimizdagi sport bazamizda o‘smirlar, yoshlar va katta yoshdagi terma jamoalarimiz uchun qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazyapmiz. Mazkur yig‘inda asosan sportchilarning jismoniy holatini yanada yaxshilash, texnik va taktik mashg‘ulotlar bilan birgalikda psixologik mashqlar o‘tkazilmoqda.
Xabaringiz bor, 15-19 sentyabr kuni Karaganda shahrida xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakatimiz sharafini asosan yosh, umidli sportchilarimiz himoya qiladi. Jumladan, Abdulaziz Anorboyev, Muhammad O‘ktamboyev, So‘g‘diyona Madaliyeva, Rozalina Xojiyeva kabi stol tennischilarimiz ushbu reyting beruvchi xalqaro turnirga alohida tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ularga o‘yin amaliyoti yaxshi bo‘lishi uchun Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Namangan, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tajribali tennischilar sparing partnyor sifatida taklif etildi. Terma jamoamiz ertaga, 14 sentyabr kuni Qozog‘istonga uchib ketadi.
Aynan shu tarkibga bir nechta tajribali sportchilarni qo‘shgan holda 28 sentyabr – 5 oktyabr kunlari Qatar poytaxti Doha shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatida ham ishtirok etamiz.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, mazkur Osiyo chempionati kattalar o‘rtasida o‘tkazilsa-da, murabbiylar shtabi bilan birgalikda terma jamoamiz tarkibiga 90 foiz yoshlarni qo‘shdik.
– Albatta, terma jamoa safi yoshlar bilan boyigani yaxshi holat. Bilamizki, Zohid Kenjayev hozirda stol tennischilarimiz o‘rtasida boy tajribaga ega sportchi. Biroq “Tokio-2020” musobaqasiga yo‘llanma beruvchi musobaqada finalga qadar yetib borib, yo‘llanmani boy berdi. Aytingchi, yo‘llanma qo‘ldan chiqishiga nima sabab bo‘ldi?
– Darhaqiqat, Zohid Kenjayev, Rimma Gufranova, Marhabo Magdiyeva kabi stol tennischilarimiz Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun asosiy davogarlar edi. Afsuski, har uchta sportchimiz kutilgan natijani berolmadi.
Zohid Kenjayev haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng unga nisbatan davlatimiz tomonidan katta e’tibor va imkoniyatlar yartildi, mablag‘ ketdi. Bunga javoban nafaqat u, balki har bir sportchi yuksak natijalar qayd etishi zarur edi. Afsuski, mart oyida Qatarda Osiyo qit’asi uchun Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi turnirning finalida Zohid Kenjayev eronlik raqibi ustidan 2:0 hisobida yutib turgan bir vaziyatda o‘yinni boy berdi.
Albatta, bu katta yo‘qotish bo‘ldi, tennischimiz raqibidan reyting jadvalida yuqori va tajribasi ko‘proq edi. Murabbiy sifatida uning mag‘lubiyatiga sabab ruhiy bosim, deb ayta olaman. U bahs davomida o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasida Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan tavsiya etilgan ruhshunos faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Biroq Zohid ushbu psixolog bilan ishlashni istamadi va boshqa psixolog bilan ishladi. U yo‘llanma olishda aynan psixologik holat yetmadi.
Sportchimiz Olimpiya o‘yinlariga qadar jahon pro-turlarida yaxshi ishtirok etdi, reyting jadvalida 114 pog‘onaga qadar ko‘tarildi, xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etdi. U uchun barcha imkoniyatlar yuqori darajada tashkillashtirildi.
Qizlar o‘rtasidagi bahslarda 16 yoshli Marhabo Magdiyev Olimpiya yo‘llanmasi uchun kurash olib bordi. Unga so‘nggi hal qiluvchi bahsda biroz omad va tajriba yetishmadi, shu sababli ham ikkinchi yo‘llanmani boy berdik. Shu tariqabiz uchun Tokio eshiklari yopildi.
Umid qilamizki, Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Olimpiadaga qadar yosh tennischilarimizning mahoratlari yanada oshadi va har ikki toifada yo‘llanmani qo‘lga kiritamiz.
– Qozon shahrida 1-MDH o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Dastlab, mazkur muosbaqaga stol tennischilarimiz ham borishi kerak edi, biroq kutilmaganda ishtirok etmasligi ma’lum bo‘ldi. Buning sababi nimada?.
– MDH o‘yinlariga yoshlar tarkibimiz borishi kerak edi. Afsuski, mazkur musobaqa va Qatarda o‘tadigan Osiyo chempionati bir vaqtga to‘g‘ri kelib qoldi. Biz albatta, Osiyo chempionatida ishtirok etishni reja qildik.

Mazkur musobaqa 1-8 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq Osiyo chempionati 28 sentyabr-5 oktyabr kuniga ko‘chirildi. Bizning sportchilarimiz esa MDHga borish uchun ro‘yxatdan o‘tishga ulgurmadi. Lekin albatta, MDH o‘yinlari ham sportchilarimiz uchun katta tajriba bo‘lardi. Afsuski, bu musobaqa nasib etmadi.
– So‘nggi yillarda stol tennisi mamlakatimiz yoshlarining eng sevimli sport turiga aylandi. Mazkur sport turini yanada ommalashtirish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?
– Darhaqiqat, stol tennisi bugun yoshlarimiz o‘rtasida jadal ommalashmoqda. Uni yanada ommalashtirish uchun federatsiyamiz tomonidan samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Avvalo, stol tennisini yanada rivojlantirish uchun viloyat bo‘limlarida ham sport bazalarini yaratish zarur. Bu borada hozirda oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Har bir viloyatda o‘zining bazasi bo‘lsa, sportchi kuniga 3-4 mahal shug‘ullanish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuningdek, seleksiyani rivojlantirishimiz zarur. Viloyatlarda tajribali yoshlar ko‘p. Lekin ularni seleksiya qilish, saralash va shug‘ullantirish uchun mablag‘ zarur. Har bir viloyat hokimlari, tadbirkorlar yordami kerak. Ularning moliyaviy yordami sabab stol tennisi ommalashadi, iqtidorli sportchilar yanada ko‘payadi.
Hozirda biz maktabgacha ta’lim muassasalarida stol tennisi to‘garaklarini ochish taklifini ilgari suryapmiz. Xitoyda ham shu tajriba qo‘llaniladi. Stol tennisini rivojlantirish uchun yana bir yo‘l – Yevropa mamlakatlari singari klublar tashkil etish kerak. Agarda har bir viloyat klublari rivojlansa, tajribali sportchilarga qo‘shilib yoshlarimizning mahorati ortadi.
- Samimiy suhbatingiz uchun rahmat.
O‘zA muxbiri Javohir TOSHXO‘JAEV yozib oldi.