Stiv Lamar: O‘zbekiston istiqbolli bozorga aylanmoqda
AQSHda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya Amerika kiyim va poyabzal assotsiatsiyasi prezidenti Stiv Lamar bilan uchrashdi.
Tadbirda mamlakatimizda paxtani yetishtirish va qayta ishlash jarayoniga yangi uslub - klaster yondashuvi joriy etilgani, paxta yetishtirish, hosilni yig‘ib olishda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berilgani to‘g‘risida ma’lumot taqdim etildi. Shu bilan birga to‘qimachilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, «Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasiga nisbatan global boykot bekor qilinganidan keyin yaratilgan imkoniyatlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Stiv Lamar O‘zbekiston qisqa vaqt ichida izchil yutuqlarga erishib, xorijiy korxonalar va investitsiyalar uchun istiqbolli bozorga aylanganini ta’kidladi. Endi mamlakat ta’minot zanjirining barcha bo‘g‘inida munosib mehnatni ta’minlaydigan adolatli xarid amaliyotiga asoslangan biznes modelini joriy etishda yetakchilik namoyish qilishi mumkin.
Assotsiatsiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda AQSH to‘qimachilik sanoati, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy siyosat va korporativ boshqaruv bo‘yicha yangi standartlarga jadal o‘tmoqda. Tarmoq har qanday yetkazib beruvchi uchun mehnat me’yoari va ijtimoiy standartga rioya qilish bo‘yicha jiddiy talab qo‘ymoqda.
Uchrashuv yakunida Assotsiatsiya a’zolari - yetakchi riteyler va brendlarning Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro to‘qimachilik forumidagi ishtirokini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatni muvofiqlashtirishga kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida aytshi kerak, Amerika kiyim va poyabzal assotsiatsiyasi 2000 yilda Amerika kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilari uyushmasi va «Footwear Industries of America» kompaniyasi birlashishi natijasida tashkil etilgan. Assotsiatsiya missiyasi AQSH tikuvchilik sanoatiga global iqtisodiyot sharoitida raqobatbardosh tarzda faoliyat yuritishi uchun qulay muhit yaratishga ko‘maklashishdan iborat. Kiyim-kechak va poyabzal sanoatida dunyoga mashhur 1000 dan ortiq brend, jumladan, “Versace”, "Adidas", "Ralph Lauren", “The Walt Disney Company”, "Lacoste", “Levi Strauss & Co.”, “DKNY”, “Gap, Inc.”, “Calvin Klein, Inc.”, "Forever 21", "ECCO", "The North Face", “Tommy Hilfiger USA, Inc.” va boshqalar assotsiatsiyaga a’zo. Ushbu kompaniyalarning faqat AQSHdagi yillik savdosi 350 milliard dollardan oshadi.
O‘zA