«Standartlashtirish to‘g‘risida»gi yangi qonun – yangicha yondashuv
Yangi O‘zbekiston islohotlarini amalga oshirishda standartlashtirish tizimini zamonaviylashtirishning tub mohiyati, faqatgina sohaga oid standart talablarini uyg‘unlashtirishdan emas, balki standartlashtirish tizimining qonuniy bazasini ham xalqaro standartlarga moslashtirishdan iborat.
«Standartlashtirish to‘g‘risida»gi yangi qonunni ishlab chiqish zarurati ham aynan, bugungi global raqobat muhitida iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarini tashqi tebranishlarga chidamli bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan.
Bunda, xalqaro va mintaqaviy standartlarni respublikamiz hududida amaliyotga joriy etish va milliy standartlarni ishlab chiqishda zamonaviy ilmiy-innovatsion uslublarga o‘tish bo‘yicha shahdam qadamlar qo‘yilmoqda.
Aytish joizki, «Standartlashtirish to‘g‘risida»gi yangi Qonun loyihasida milliy standartlarni ishlab chiqish, tasdiqlash va yangilash mexanizmlariga yangicha yondashuvlar kiritilmoqda. Bunda oshkoralik, ixtiyoriylik va shaffoflik asosiy prinsiplar sifatida belgilanmoqda.
Milliy standartlarni ishlab chiquvchi texnik qo‘mitalar manfaatdor tomonlarning ixtiyoriy ishtiroki asosida, mahsulotlar (xizmatlar)ning tegishli turlarini ishlab chiqaruvchi yoki iste’mol qiluvchi tomonlar (tarmoqlar) huzurida tashkil qilinadi. Tashkil qilinayotgan standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita to‘g‘risidagi axborot barcha manfaatdor tomonlar uchun oshkora va ochiqdir.
Ma’lumot uchun: standartlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar (ISO, CEN, SMIIC, IEC) va ilg‘or xorijiy davlatlar (AQSH, Yevropa davlatlari, Turkiya va Rossiya singari) tajribasida ham standartlar to‘liq texnik qo‘mitalar tomonidan ishlab chiqiladi.
Texnik qo‘mitalar vakolat va vazifalari yangi qonun loyihasida belgilab berilmoqda. Unga ko‘ra, texnik qo‘mitalar milliy standartlar loyihalarini ishlab chiqish, muhokamasini tashkil etish, standartlashtirish bo‘yicha dasturga takliflar tayyorlash, o‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalariga murojaatlar yuborish, o‘z sohasi bo‘yicha standartlar axborot bazasini shakllantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarida ishtirok etish va milliy organ bilan birgalikda xalqaro, mintaqaviy tashkilotlarning standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalar faoliyatida milliy manfaatlarni himoya qiladi.
Xalqaro amaliyot tajribasidan kelib chiqib, standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalarni tashkil qilishga buyurtma beruvchilar standartlashtirish sohasidagi tegishli tarmoqning manfaatdor sub’ektlari bo‘lishi mumkin. Shuningdek, standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitaning tarkibiga manfaatdor tomonlarning vakillari kiritiladi.
Yangi qonun loyihasida taklif etilayotgan yana bir asosiy mezon texnik qo‘mitalar tomonidan ishlab chiqiladigan yoki amalga kiritilishi tavsiya etiladigan standartlar birinchi navbatda, tarmoqlardagi tovar (mahsulot va xizmatlar) ishlab chiqaruvchilar va uni realizatsiya qiluvchilar manfaatlarini ifodalash orqali raqobatbardoshlikni oshirish, zamonaviy ilm-fan yutuqlarining eng so‘ngi natijalariga asoslangan hamda xalqaro talablarga uyg‘unlashgan bo‘lishi lozim.
Tahlillar natijasi shuni ko‘rsatdiki, Yevropa Ittifoqi davlatlarida texnik qo‘mitalar shaffoflik, ixtiyoriylik, oshkoralik, tenglik, birlik va izchillik, konkretlik, umumiy manfaat, iqtisodiy haqiqat (standart, bu – o‘zi uchun maqsad emas (standartizatsiya – ne samotsel) kabi prinsiplarga asoslangan holda ish yuritadi.
Ma’lumot uchun: mazkur prinsiplar Germaniya davlatining DIN 820 standartida asosiy normalardan biri sifatida belgilangan.
bugungi kundagi standartlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning texnik qo‘mitalariga a’zolik 136 tani tashkil etadi. Shundan: ISO -25 ta, SMIIC-12 ta, IEC-13 ta, MGS- 92 ta.
Ma’lumot uchun: bugungi kunda ISO xalqaro tashkilotida – 244 ta, SMIIC da – 17ta, IEC da – 186 ta MGSda – 142 ta standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalar faoliyat yuritadi.
Yangi qonun loyihasini qabul qilinishi texnik qo‘mitalarni xalqaro tashkilotlarning standartlashtirish bo‘yicha qo‘mitalariga a’zoligi va mazkur tashkilotlar tomonidan qabul qilinayotgan xalqaro standartlarni ishlab chiqish jarayonida faol ishtirok etishlarida qonuniy poydevorni mustahkamlanishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, tarmoq qo‘mitalarga ma’lumotlarni global darajada almashinishi uchun ISOning ISONET elektron axborot tizimiga ulanish imkoniyatini beradi.
Ma’lumot uchun: bugungi kunda ISONET elektron tizimi tarkibiga jahonning 60 dan ziyod davlatlari va 10 ga yaqin assotsiatsiya hamda xalqaro tashkilotlar, shuningdek, ISO / IEC Axborot markazlari ulangan.
Xalqaro standartlashtirish tasnifi (Mejdunarodnыy klassifikator po standartizatsiy (MKS)) axborotini olishda qo‘llab-quvvatlashga erishiladi va milliy standartlarning indekslarini tayyorlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Sardorbek QO‘SHAQOV,
O‘zbekiston standartlar instituti direktor o‘rinbosari