“SQB Investor Day”: global moliya institutlari va investorlar bilan ochiq muloqot
O‘zsanoatqurilishbank (SQB) Bosh ofisida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “SQB Investor Day” xalqaro tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xalqaro moliya institutlari, investitsiya fondlari, konsalting kompaniyalari, davlat va xususiy sektor vakillari hamda bankning yirik korporativ mijozlaridan iborat 300 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, korporativ boshqaruvning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish va milliy kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xalqaro investorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. “SQB Investor Day” tadbiri ana shu islohotlar natijasida shakllangan investitsiya muhiti va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini namoyon etuvchi muhim muloqot platformasi bo‘ldi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston moliya sektorini rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, korporativ boshqaruvning ilg‘or tamoyillarini keng joriy etish hamda xalqaro ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, SQBning 2025-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy natijalari taqdim etildi. Jumladan, bank aktivlari 102 trln so‘mdan oshgani, sof foydasi 1,9 trln so‘mni tashkil etgani va tashqi moliyaviy resurslar hajmi 1,2 mlrd AQSH dollaridan ortgani qayd etildi.
Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan 2025-yilda London fond birjasida qo‘shimcha birinchi darajali kapital obligatsiyalarining (AT1) muvaffaqiyatli joylashtirilgani alohida e’tirof etildi. Mazkur bitim SQBning xalqaro kapital bozorlaridagi mavqeini yanada mustahkamlab, xorijiy investorlar doirasini kengaytirishga xizmat qildi.

– Bugungi kunda xalqaro investorlar bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish har qanday moliya institutining barqaror rivojlanishi uchun muhim omil hisoblanadi, – dedi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Abdurashid Hakimov. – SQB mazkur yo‘nalishda xalqaro kapital bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish va investorlar bilan uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Bankning moliyaviy natijalari, xalqaro bozorlarda amalga oshirgan muvaffaqiyatli bitimlari hamda xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlik ko‘lamining kengayib borayotgani bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini tasdiqlamoqda. “SQB Investor Day” kabi platformalar esa investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, yangi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama etish va o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, J.P. Morgan, “Citibank”, “Standard Chartered Bank”, “Deutsche Bank”, “AKA Bank” hamda boshqa xalqaro moliya institutlari va banklar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muzokaralarda investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, savdo operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash, kapital bozorlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda iqtisodiyot tarmoqlariga qo‘shimcha moliyaviy resurslar jalb etish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir yakunida SQB bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun qator xalqaro moliya institutlari va banklar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

Xususan, “Kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish bo‘yicha eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga, “Biznes transformatsiyasi bo‘yicha eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi Xalqaro moliya korporatsiyasiga, “Savdo va ta’minot zanjiri moliyasi bo‘yicha eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi Osiyo taraqqiyot bankiga, shuningdek, “Eng yaxshi tranzaksion xizmatlar bo‘yicha hamkor” nominatsiyasi J.P. Morgan Chase, “Savdo moliyasi bo‘yicha eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi “Mashreq Bank”, “Qarz kapital bozorlari bo‘yicha eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi “Citibank”, “Qarz va kredit yechimlari bo‘yicha eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi “Deutsche Bank”, “Yilning eng yaxshi debyut hamkori” nominatsiyasi “Standard Chartered Bank”, “Valyuta operatsiyalari bo‘yicha eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi “Commerzbank” hamda “Uzoq muddatli ishonchli hamkor” nominatsiyasi “AKA Bank”ga topshirildi.
“SQB Investor Day” ishtirokchilari fikri
Marius Dan,
“Templeton Global Investments” kompaniyasining
Markaziy Osiyo boʻyicha bosh direktori
– Oʻzsanoatqurilishbank Oʻzbekiston Respublikasi Milliy investitsiya fondi portfelidan oʻrin olganidan juda mamnunman.
“SQB Investor Day” tadbiri ayni shu jihatdan muhim ahamiyatga ega. Chunki bugun Milliy investitsiya jamgʻarmasi aksiyalarining London va Toshkent fond birjalarida joylashtirilganiga bir oy toʻldi. Qariyb 700 million AQSH dollari hajmidagi mazkur IPO investorlar tomonidan yuqori qiziqish bilan qarshi olindi va Oʻzbekiston aktivlariga boʻlgan ishonch ortib borayotganini namoyon qildi.
Biz Milliy investitsiya jamgʻarmasi bilan birgalikda portfeldagi kompaniyalarni kapital bozoriga olib chiqish ustida ishlayapmiz. SQB ushbu portfeldagi yagona bank aktivi boʻlib, uning oʻsish salohiyati yuqori. Bank aksiyalarini xalqaro fond bozorida ham roʻyxatga olish rejasi SQBning xalqaro nufuzini mustahkamlash va moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bugun Oʻzbekiston global institutsional investorlar eʼtibor markaziga aylangan. Endi esa ana shu ishonch va qiziqishdan samarali foydalanib, yangi kapital bozori bitimlarini amalga oshirish muhim. Chunki mamlakatga xalqaro kapital bozorida muvaffaqiyatli loyihalar koʻproq kerak. Ishonamizki, Oʻzbekiston hukumatining koʻmagi bilan mamlakat xalqaro kapital bozorlarida bundan ham koʻproq muvaffaqiyatli bitimlarni amalga oshiradi.
Fransis Malij,
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining
moliya institutlari bilan ishlash boʻyicha
boshqaruvchi direktori
– Toshkent xalqaro investitsiya forumi va uning doirasida tashkil etilgan “SQB Investor Day” tadbiri Oʻzbekistonning xalqaro investitsiya maydonidagi oʻrni tobora mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Soʻnggi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, korporativ boshqaruv standartlarini takomillashtirish va xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanmoqda. Bu, oʻz navbatida, investorlar ishonchini mustahkamlab, mamlakat iqtisodiyotiga yangi kapital oqimlarini jalb qilish uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Oʻzbekiston bank sektori bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, SQB kabi yetakchi moliya institutlari iqtisodiyotning real sektorini moliyalashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va kapital bozorlarini rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Mazkur hamkorlik mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb etish va xususiy sektor imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, biz amalga oshirilayotgan islohotlarning aniq natijalarini koʻryapmiz. Bugun Oʻzbekiston zamonaviy, raqobatbardosh va barqaror iqtisodiyotni shakllantirish yoʻlida izchil harakat qilmoqda. Mamlakatda iqtisodiy taraqqiyot va farovonlikni taʼminlashga qaratilgan oʻzgarishlar izchil davom etayotgani xalqaro investorlar uchun ham muhim ijobiy koʻrsatkich hisoblanadi. Kelgusida ham bu jarayon xalqaro investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonamiz.
Saif Malik,
“Standard Chartered UK”
Boshqaruv raisi
– “Standard Chartered” Oʻzbekiston bozorida qariyb toʻrt yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Oʻtgan davr mobaynida mamlakatning yetakchi kompaniyalari, yirik korporativ mijozlari hamda hamkorimiz SQB bilan moliyalashtirish yoʻnalishida samarali munosabatlarni shakllantirdik.
Bugungi kunda bank dunyoning 50 dan ortiq bozorida faoliyat olib boradi va xalqaro kapitalni istiqbolli investitsiya loyihalari bilan bogʻlovchi moliyaviy institut sifatida faoliyat yuritadi. Asosiy vazifamiz moliyaviy resurslarni yuqori oʻsish salohiyatiga ega bozorlar va loyihalarga yoʻnaltirishdan iborat.
Oʻzsanoatqurilishbank bilan toʻrt yildan buyon investitsiya jalb qilish va moliyalashtirish boʻyicha ishlab kelmoqdamiz. “SQB Investor Day” tadbirida ana shu samarali faoliyatimiz eʼtirof etildi. Bu biz uchun katta sharaf. Oʻzbekistonning iqtisodiy oʻsish tarixi bir qismi boʻlishdan mamnunmiz.
Mark Venchik,
AKA Bank Boshqaruv raisi
– SQB bilan hamkorligimiz koʻp yillik tarixga ega boʻlib, oʻzaro ishonch va samaradorlik asosida rivojlanib kelmoqda. Bugungi kunda biz Oʻzbekiston sanoati va xususiy sektorini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qator eksport moliyalashtirish loyihalarini birgalikda amalga oshirmoqdamiz.
Ushbu hamkorlik mamlakat korxonalari uchun zamonaviy texnologiya va uskunalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, SQB orqali tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy resurslarga boʻlgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilmoqda.
Biz SQBning transformatsiya jarayonlarini, xalqaro moliya bozorlaridagi faolligini va korporativ boshqaruv sohasidagi yutuqlarini yuqori baholaymiz. Ishonamizki, oldinda bank bilan yanada yirik investitsiya va savdo-moliyalashtirish loyihalarini amalga oshirish imkoniyati mavjud. Shu bois SQB bilan strategik hamkorligimizni kengaytirishdan manfaatdormiz.