Sportchi va xalq qo‘shiqlari ijrochisi Habiba opa mukofotlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, Oqoltin tumanidagi «Oltin meros» folklor ansambli a’zosi, «E’zozli ayollar» sport to‘garagi rahbari Habiba Mirzayeva davlatimizning yuksak mukofoti – «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.
Ushbu yuksak e’tirof Habiba Mirzayevaning madaniyat va sport sohasidagi fidokorona xizmatlari, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda xotin-qizlar o‘rtasida sportni keng targ‘ib qilishdagi mehnatlari samarasidir.
–Bilasizmi, sport bilan shug‘ullangan kishigina sog‘lom, tetik bo‘ladi. Bu borada oqoltinlik ayollarning shijoati baland. Tongni velosiped haydab qarshilaydiganlar bor. Shu boisdan sog‘lom, baquvvatman. Davlatimiz rahbarining "8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, mening ham arzimas xizmatlarim e’tirof etilib, berilgan mukofot zimmamga katta mas’uliyat yuklaydi. Rosti, bundan nafaqat men, farzandlarim, folklor jamoamiz, sportchi xotin-qizlar xursand bo‘lishdi. Endi avvalgidan-da serg‘ayrat bo‘lib, mehnat qilishimga, sport- sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlarini targ‘ib qilib, unutilib ketayotgan o‘lan- laparlarga jon kiritib, kelgusi avlodga boy meros qoldirishga harakat qilaman,–deydi oqoltinlik Habiba opa Mirzayeva.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri