Sport yo‘nalishida yoshlarimiz qanday yutuqlarga erishdi?
Bugun yoshlar kuni. Shu kun munosabati bilan har yili yurtimizda turli anjumanlar, ko‘ngilochar tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Istirohat bog‘lari, madaniyat maskanlari yoshlar bilan gavjum bo‘ladi. Bugun yoshlarning o‘qib izlanishlari, yurti va oilasiga manfaati tegadigan inson bo‘lishi uchun yurtimizda barcha imkoniyatlar yetarli.
Xo‘sh, bugungi kun yoshlari kimlar? Ular nimalar bilan band? Qanday yutuqlarni qo‘lga kiritishyapti?
Ushbu savollarga labbay deb javob beradigan yoshlar oramizda ko‘p. Ilm-fan, tadbirkorlik, iqtisodiyot, siyosat, sport deysizmi, ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan yoshlar haqida uzoq gapirish mumkin. Birgina sport yo‘nalishini olaylik.
Xo‘sh, joriy yilda sport yo‘nalishida yoshlarimiz qanday yutuqlarga erishdi?

Joriy yilning may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida farg‘onalik bokschi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev oltin medalni qo‘lga kiritdi va 200 ming dollar pul mukofoti egasiga ham aylandi.
18 mart kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Iroq terma jamoalari o‘rtasidagi U-20 Osiyo kubogi final uchrashuvida O‘zbekiston terma jamoasi chempion bo‘ldi.
Gruziyaning Batumi shahrida 6-8 iyun kunlari shaxmat bo‘yicha bo‘lib o‘tgan 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatida rapid yo‘nalishida 10 imkoniyatdan 9 ochko to‘plagan Umida Omonova jahon chempioniga aylandi.

Yutuqlar ro‘yxatini yana davom ettiradigan bo‘lsak, yanvar oyida Xitoyning Xanchjou shahrida kurash bo‘yicha qit’a chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda hamyurtimiz Muhsin Hisomiddinov oltin medalni qo‘lga kiritib, Osiyo chempioni bo‘ldi.
Bugun ushbu chempionlarning ortidan minglab yoshlar ergashyapti.
Ulardek yurt bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishga intilishyapti. Demak, bugungi intiluvchan, izlanuvchan yoshlar mamlakatning porloq kelajagini yaratuvchilardir.
N.Rahmonova, O‘zA