Sport volontyorligini rivojlantirish masalasi muhokama qilindi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da O‘zbekistonda sport volontyorligini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda sport volontyorligi tizimini takomillashtirish hamda uning faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muhokamalar jarayonida yoshlar uchun kengroq imkoniyatlar yaratish, sport volontyorligi tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda bir qator sport turlari bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, nufuzli xalqaro turnirlar, seminarlar, xalqaro o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari va ommaviy tadbirlar sonining ortganligi malakali sport volontyorlariga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda.
Shu jihatdan, yurtimizda alohida sport volontyorlik faoliyatini rivojlantirish, malakali volontyorlar safini kengaytirishda talaba-yoshlarning amaliy mashg‘ulotlaridan foydalanish, tegishli ta’lim muassasalari, yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish davr talabi ekanligi aytib o‘tildi.
Muhokamalar jarayonida ushbu yo‘nalishga oid ishlarni tizimli tashkil etish, volontyorlikka jalb etiladigan yoshlarning har jihatdan bilimli va salohiyatli bo‘lishiga e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlanib, mas’ullarga aniq vazifalar belgilandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA