Sport ta’limi: O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligi rivojlanmoqda
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Qozog‘iston Respublikasining Abay nomidagi Qozoq milliy pedagogika universiteti delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning o‘zaro malaka oshirishi va xorijiy stajirovkalarini tashkil etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, konferensiyalar, seminarlar, mahorat darslari va akademik tadbirlarni tashkil etish, yosh tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Suhbat yakunida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va Abay nomidagi Qozoq milliy pedagogika universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori R.Matkarimov, Abay universitetining strategiya va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Aygul Iskakova mazkur memorandum do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, ta’lim, ilm-fan yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-amaliy tadbirlarni hamkorlikda tashkil etish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA