Sport: Ta’lim sifatini oshirish masalasi ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ta’lim dasturlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayoniga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi mas’ul xodimlaridan iborat 17 nafar ekspertlar komissiyasi a’zolari, soha mas’ullari ishtirok etdi.

O‘rganishlar davomida ta’lim dasturlari bo‘yicha mas’ullarning fikrlari eshitilib, o‘quv-uslubiy ta’minot, moddiy-texnik baza, professor-o‘qituvchilar salohiyati hamda ushbu jarayonlarni zamonaviy talablar asosida tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish yuzasidan tavsiyalar ilgari surildi. Bu, ta’lim sifatini yanada takomillashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda xalqaro standartlarga mos ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA