Sport sinovlarida yurtimizning qancha o‘quvchi yoshlari ishtirok etdi?
Davlatimiz rahbarining “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida jismoniy tarbiya fani o‘qitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida har o‘quv yili davomida o‘quvchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan.
O‘tgan o‘quv yilidan boshlangan mazkur loyiha doirasida o‘quvchi yoshlarni ommaviy sport mashg‘ulotlari bilan qamrab olish, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining bilim ko‘nikmalarini belgilashga zarur shart-sharoitlar yaratgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Joriy yilning fevral–may oylarida umumta’lim maktablari o‘quvchilaridan ixtiyoriy va maxsus talablar bo‘yicha qabul qilingan sport sinovlari qancha yoshni birlashtirdi? Natijalar qanday bo‘ldi?
Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Umid Jo‘rayevning bildirishicha, mamlakatimizdagi 10 204 ta umumta’lim maktablari o‘quvchilari ixtiyoriy talablar bo‘yicha jami 4.3 million nafar yoki 67 foiz o‘quvchi sport sinovlarini topshirish uchun tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 4 million nafari sport sinovlarining mezon talablarini bajargan bo‘lsa, 681 ming nafari yoki 17 foiz o‘quvchilar natija ko‘rsata olmagan.
Maxsus talablar bo‘yicha 40 ming nafar o‘quvchi sport sinovlarini topshirishda qatnashgan. Ularning 31 ming nafari mezon talablarini bajargan. 9 ming nafari esa belgilangan me’yor ko‘rsatkichlarini qayd eta olmagan.
Yurtimiz maktablarida o‘tkaziladigan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida sport sinovlarining maxsus talablari bo‘yicha topshirgan 2 045 nafar o‘quvchi hamda ixtiyoriy talablar asosidagi sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 3 731 nafar o‘quvchi I, II va III darajali diplomlar, ko‘krak nishonlari hamda esladik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA