"So‘z" loyihasining navbatdagi tadbiri “Megapolisdan Himolay cho‘qqisigacha” kitobiga bag‘ishlandi
Poytaxtimizda atoqli ijodkor Eshqobil Shukurning “Megapolisdan Himolay cho‘qqisigacha” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan o‘tgan yillardan beri “So‘z” loyihasi amalga oshirilmoqda. Bunda adabiyot, kitobxonlikka oid yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda. “So‘z” loyihasining shu vaqtgacha 3 ta teatrlashtirilgan she’riy-konsert dasturlari tomoshabinlar e’tiboriga havola qilingan edi.

Navbatdagi ma’rifiy kecha Eshqobil Shukurning “Megapolisdan Himolay cho‘qqisigacha” kitob taqdimotiga bag‘ishlandi. Bu ramziy nom zamirida oddiy dehqondan tortib, yuksak manzillarda butun bashariyat taqdirini hal qilishga da’vo qilayotgan kishilarning hayot yo‘li ham, gulga qo‘l uzatayotgan murg‘ak go‘dakning tilidan uchayotgan so‘zlariyu ulug‘ donishmandning hikmatlarigacha jam bo‘lgan qadriyat, o‘zlik masalalari yoritilgan.

Bugungi qaltis globallashuv davrida, shaharlashuv, ommaviy madaniyatlar zamonida ma’naviy mezonlarni to‘g‘ri belgilashda mazkur asar o‘ziga xos ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Shu bois taqdimot keng ko‘lamli teatr, kuy, adabiyot birlashuvi ko‘rinishida kreativ usulda o‘tkazildi. Unda yoshlar, adabiyotshunoslar, ziyolilar ishtirok etdi.
Taqdimot tadbirida Eshqobil Shukurning yangi asari xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova,
O‘zA