Soxta xabarlarni aniqlashda xalqaro me’yorlar
Shusha shahrida II Global media forum o‘z ishini davom ettirmoqda.
Anjuman ishtirokchisi, Italiyaning “CeSPI” Xalqaro siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Valeriya Jiannotta O‘zA muxbiri bilan muhokama etilayotgan masalalar bo‘yicha o‘z mulohazalarini bo‘lishdi:
– Bugun soxta axborot muammosi o‘ta dolzarblik kasb etib, xavfsizligimiz va umuman hayotimizga tobora ko‘proq tahdid solmoqda. Bu jarayonda barcha sohalarda kuzatilayotgan raqamlashtirish muhim ahamiyatga ega: atrofimiz texnologik yangilikka to‘la. Jahon internet tarmog‘iga tez-tez murojaat qilamiz. Axborotning ochiqligi, o‘zimiz ko‘rib, bilib turgan, o‘qiyotgan, eshitayotgan xabarning ishonchliligi xaqida, hatto, mulohaza qilib ko‘rishga ham imkon bo‘lmaydi ba’zan.

Bunda muayyan jarayonni avtomatlashtirish uchun foydali vosita sifatida xizmat qiluvchi neyrotarmoq ham soxta xabarni shubhali fakt bilan “boyitish”ga yordam berishi mumkin. Biz muammodan xabardormiz, masalaning ko‘lamini anglaymiz, ammo baribir salbiy holat bilan kurashish, vaziyatga munosib baho berish uchun yetarli mexanizmga ega emasmiz.
O‘ylaymanki, masalani tahlil etishda xorijiy tajribaga tayanish, xalqaro me’yor, jumladan BMT dasturlarini qo‘llash o‘ta muhim. Shu tarzda odamlarni chalg‘itadigan yolg‘on, destruktiv axborotni aniqlash mexanizmini ishlab chiqish, sun’iy ongni jalb qilgan holda faktchekingning yangi usullarini joriy qilish mumkin.
D. Solihova yozib oldi, O‘zA
Shusha shahri, Ozarbayjon