Soxta tadbirkorlar faoliyatiga chek qoʻyilmoqda
Koronavirus pandemiyasi karantin davrida barchamizni niqob taqishga majbur etgani holda, ayrim soxta “tadbirkorlar”ning yuzini ochmoqda.
Koronavirus pandemiyasi karantin davrida barchamizni niqob taqishga majbur etgani holda, ayrim soxta “tadbirkorlar”ning yuzini ochmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan reydlarda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan noqonuniy faoliyat yuritib kelayotgan fuqarolar aniqlandi.
Xususan, tumanning Tinchlik hududida oʻtkazilgan sayyor soliq tekshiruvida fuqaro U.Bobojonov davlat roʻyxatidan oʻtmasdan, hech qanday hujjatlarsiz tibbiy niqoblar chakana savdosi bilan shugʻullanib kelayotgani aniqlandi. Tekshiruv jarayonida soxta tadbirkorga tegishli 5 million 475 ming soʻmlik tibbiy niqob olib qoʻyildi.
Shuningdek, tumanning Yangibozor hududida joylashgan “Dehqon bozori” MCHJ yonida oʻtkazilgan sayyor soliq tekshiruvida fuqaro T.Sharipov ham davlat roʻyxatidan oʻtmasdan, hech qanday hujjatlarsiz rezinali qoʻlqop hamda antiseptik mahsulotlar chakana savdosi bilan shugʻullanib kelayotgani aniqlandi. Ushbu fuqarodan 17 million 500 ming soʻmlik rezinali qoʻlqop va 12 million 420 ming soʻmlik antiseptik mahsulotlar olib qoʻyilib, davlat foydasiga musodara qilindi.
Ayni paytda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tufayli kechayotgan karantin paytida, birinchi navbatda, aholi xavfsizligini taʼminlash, ularni sifatli sanitariya-gigiyenik vositalar bilan taʼminlash, shuningdek, yashirin iqtisodiyotga barham berish maqsadida viloyatda bu kabi reyd tadbirlari davom etmoqda.