Soxta tabiblar uchun javobgarlik belgilanmoqda
“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunda tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar maxsus komissiyaning xulosasiga asosan xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega ekani belgilangan.
Bunda, sog‘liqni saqlash amaliyotida tashxis qo‘yish va davolashning faqatgina qo‘llashga ruxsat etilgan usullaridan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
Lekin qonunchilikda xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ko‘rsatganlik uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagan. Oqibatda fuqarolar soxta tabiblarning qurboniga aylanmoqda.
Senat yalpi majlisida ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlar to‘ldirilmoqda.

Fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatilganlik, shuningdek, xizmatlarni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, mazkur xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rnatilmoqda.
Ya’ni, “Reklama to‘g‘risida”gi qonun xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini reklama qilishni taqiqlovchi norma bilan to‘ldirilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA