Soxta axborotga qarshi birgalikda kurashamiz!
Shusha shahrida “Soxta narrativlarni fosh qilish: dezinformatsiyaga qarshi kurash” mavzusidagi II Global mediaforum o‘z ishini yakunladi.
Forumning so‘nggi kunida “Sun’iy intellektning voqelikka, OAV va dezinformatsiyaga ta’siri: medisavodxonlikni rag‘batlantirish” va “Iqlim harakati va OAV” mavzulari muhokama qilindi.
Ekspertlar soxta xabarlarni tarqatish va ularning oldini olish bilan texnologiyalar o‘rtasidagi bog‘liqlik, sun’iy intellektning voqelikka ta’siri, mediasavodxonlikning dezinformatsiyaga qarshi kurashdagi ahamiyati xaqida fikr yuritdi.

– Jurnalistika sun’iy intellektdan foydalanishi mumkin, shuning uchun ham bu sohada ta’lim berish muhim hisoblanadi, - deydi «Pakistan daily» gazetasi muharriri Hamza Azxar. – Ayni paytda, Sun’iy intellekt sohasidagi kodeksni nafaqat jurnalistlar yaratishi kerak, balki BMT ham bu masalani ko‘rib chiqsa, ayni muddao bo‘lar edi.
Ishtirokchilar sun’iy intellekt foydasi va uni insoniyat taraqqiyoti uchun rivojlantirishning ahamiyatini ta’kidladi.
Latviya teleradiosi prodyuseri Ansis Bogustovs OAVning “yashil” dunyo yo‘lida jamoat kun tartibini shakllantirish, s

amarali axborot mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, iqlim o‘zgarishlarining oldini olish va uning oqibatlarini bartaraf etishdagi o‘rnini qayd etdi.
SOR29 ning Ozarbayjon bo‘yicha Ijrochi direktori Elnur Soltanov “”Yashil” dunyo uchun birdamlik-SOR29” taqdimotini o‘tkazdi.

– SOR29 kun tartibidagi asosiy masalalar iqlimiy moliyalashtirish, Parij kelishuvining oltinchi moddasi, yo‘qotishlar va zararlar jamg‘armasi, global moslashuv, iqlimiy moliyalashtirishning yangi modeli kabilardan iborat,-deydi E. Soltanov. – Ozarbayjon shaffof muhit yaratishni maqsad qilgan, kun tartibiga 14 ta masala qo‘yilgan. “Yashil” yo‘laklar va suv tanqisligi mavzulari juda dolzarb, axir iqlim o‘zgarishi barcha mamlakatlarga ta’sir ko‘rsatmoqda. SOR29 ning navbatdagi vazirlar darajasidagi uchrashuvi Xitoyda boshlanib, Shamaxada davom etadi.

O‘zaro muhokamalar va tajriba almashish maydoniga aylangan mediaforumning yopilish marosimida Ozarbayjon Mediani rivojlantirish agentligi direktori Axmed Ismoilov so‘zga chiqdi. Uning ta’kidlashicha, tadbirlarning asosiy mavzusi soxta axborotga qarshi kurashish, maqsadi esa mahalliy hamda xalqaro media hamjamiyatining e’tiborini jalb qilishdan iborat bo‘ldi. Ishtirokchilar soxta xabarlar bilan kurashish uchun xalqaro platforma yaratish zarurligini bir ovozdan qayd edi.
D. Solihova, O‘zA.
Shusha, Ozarbayjon