So‘xliklar malakali tibbiy xizmatdan mamnun
Farg‘ona viloyatining eksklavi hisoblanadigan So‘x tumanida 82 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. So‘nggi yillarda hududni har tomonlama rivojlantirish, muammolarni hal etishga muhim e’tibor qaratilyapti. Xususan, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, malakali mutaxassislar bilan ta’minlash borasidagi ishlar natijasida bu sohada aholi roziligiga erishilmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasi hamda oilaviy shifokorlik punktlari zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Bugungi kunda ko‘plab murakkab jarrohlik amaliyotlari shu yerda bajarilayotgani esa ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qo‘ydi.
Hududdagi muammolardan biri shifokorlarning yetishmasligi edi. Bugun esa bu o‘z yechimini topdi. Prezidentimizning 2022-yil 25-apreldagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosidagi “Qishloq shifokori” dasturi yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Dastur doirasida olis va chekka hududlarda ishga qabul qilingan vrachlarga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘i, uy-joy bilan ta’minlash tartibi joriy qilingani bugungi kunda o‘z samarasini berayotganligi e’tiborga molikdir.

Yurtimizning boshqa hududlaridan bu yerga kelib ishlaydigan shifokorlar maoshiga qo‘shimcha 2 million so‘m har oylik ustama belgilangan. Ularga faoliyat olib borayotgan hududdan ipoteka krediti asosida xonadon sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha bo‘lgan qismi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladigan bo‘ldi. Uch yil ishlagan shifokorlarni klinik ordinaturaga imtihonsiz qabul qilish tartibi joriy etildi. Natijada So‘x tumanida kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar barham topmoqda. Bugun bu yerga kelib, faoliyat yuritayotgan shifokorlar soni qariyb 40 nafarga yetdi.

Asli samarqandlik bo‘lgan Fotima Xo‘janova “Demursad” oilaviy shifokorlik punkti bosh vrachi vazifasida ish boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Lekin kasbiy malakasi, odob-axloqi bilan ko‘pning mehrini qozondi, e’tiboriga tushdi. Shifokor qiz tog‘lar bag‘rida yashovchi sodda, samimiy odamlarning ko‘nglidan joy oldi. Xonadonlarga kirib borib, odamlarning salomatliklari bilan yaqindan tanishish, kasallikni davolagandan ko‘ra, oldini olishga alohida e’tibor qaratmoqda.

--- Avvaliga uy, yaqinlardan olisda, begona joy odamlari bilan til topisha bilish, mavjud shart-sharoitlarga ko‘nikib keta olarmikanman, degan hadik bor edi, --- deydi Fotima.--Hammasi boshqacha bo‘lib chiqdi. Demursadliklar meni o‘z qizlaridek samimiy, ochiq chehra bilan qarshi olishdi. Ayni kunda 2 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatib kelyapmiz. Shifo istab kelgan nuroniylar, yaxshi kishilardan duolar, rahmatlar eshitaman. Bu islohotlarning bosh tashabbuskori Prezidentimiz ekanligidan faxrlanamiz. Oylik maoshlarimizga ustamalar to‘lab berilyapti. Soliq imtiyozlarini aytmaysizmi, bor-yo‘g‘i bir foiz. Shu imkoniyat va imtiyozlar tufayli mashinali bo‘ldik, yaqin kunlarda yangi uyga ko‘chib o‘tamiz.

Quva tumanidan kelgan Zuhriddin va Dilshoda Botiraliyevlar tibbiyotchilar oilasi sifatida aholi salomatligi yo‘lida xizmat qilmoqda. Zuhriddinni so‘xliklar qo‘li yengil shifokor, turmush o‘rtog‘i Dilshodaxonni esa mehribon hamshira sifatida juda yaxshi ko‘rishadi. O‘tgan qisqa vaqt davomida yosh shifokor oilasi hayot tarzi uchun kerakli bo‘lgan barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Nafaqat ish, balki mahallada bo‘layotgan to‘y-tomosha, yaxshi-yomon kunlarda ham o‘zaro hamjihat bo‘lib yashab kelishyapti. Ular bu yerda chin ko‘ngildan yanada uzoq yillar mehnat qilishga tayyor.
Salomatlik inson uchun bebaho ne’mat. So‘xliklar bugun salomatligi uchun qayg‘uradigan malakali shifokorlar xizmatidan mamnun.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri