Soxibkorda zamonaviy bog‘cha ochildi
Buxoro tumani “Soxibkor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 6-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangidan qurib bitkazilgan binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Unda tuman hokimi Anvarjon Ochilov, mahalla faollari, ota-onalar va maktabgacha ta’lim tashkilotining xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar zamon talablari darajasida barpo etilgan ana shunday maktabgacha ta’lim tashkilotlari bolalarning jismoniy, aqliy rivojlanishida keng imkoniyatlar yaratib berishi, malakali kadrlar esa barkamol kelajak avlodni tarbiyalashda o‘zining munosib hissasini qo‘shishlariga yuksak ishonch bildirdi.


2024 yil investitsiya dasturi hisobidan “Ismoil Qurilish fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyat quruvchilari tomonidan 120 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv binosi uchun davlat byudjetidan 3 milliard 500 million so‘m mablag‘ sarflandi.


– Bolajonlarimiz uchun shunday zamonaviy bog‘cha barpo etilishida ertamiz egalariga qaratilayotgan doimiy e’tiborning amaldagi ifodasini ko‘rish mumkin, – deydi mazkur manzil mudirasi Fotima Bo‘riyeva. – Shu e’tibor tufayli mahallamizda zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etildi. Yangi muassasada bolalarni har tomonlama barkamol tarbiyalash hamda maktabga tayyorlash uchun barcha sharoitlar bor.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri